AsosiyDunyo

Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasida bojsiz maxsus savdo zonasini tashkil etish taklif qilinmoqda

Buning natijasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 4 barobar oshishi kutilmoqda.

'Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasida bojsiz maxsus savdo zonasini tashkil etish taklif qilinmoqda'ning rasmi

22 oktyabr kuni Samarqandda o‘tgan Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlarining qo‘shma hududlararo forumida Mang‘istau viloyati hokimi Nurdaulet Qilibay Mang‘istau viloyati va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha qator takliflar bilan chiqdi. Bu haqda viloyat hokimiyati matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Mang‘istau va O‘zbekistonni bog‘laydigan avtomobil yo‘li qurilmoqda. Avtomobil qatnovi Qozog‘iston hududidagi "Tajen" bojxona postigacha amalga oshiriladi. Yaqinda Qoraqalpog‘iston markazidan mamlakat chegarasigacha bo‘lgan yangi avtomobil yo‘li foydalanishga topshirildi. Bu kelajakda Mang‘istau viloyati va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirish imkonini berishi qayd etildi.

Nurdavlet Qilibayning so‘zlariga ko‘ra, mintaqaning ulgurji bozorlaridagi oziq-ovqat mahsulotlari, sabzavot, meva va quruq mevalarning katta qismi O‘zbekistonning Buxoro, Samarqand, Nukus va Sirdaryo dalalaridan keltiriladi. "Tajen" bojxona posti orqali kuniga 250−300 ga yaqin fura o‘tadi, shundan o‘rtacha 25−30 fura Mang‘istau viloyatiga jo‘natiladi. Bu qariyb 11 ming tonna mahsulot degani.

"Delegatsiyamiz tarkibida mamlakatning eng yirik ulgurji tarqatish markazlaridan biri bo‘lgan „ORTS Aktau“ MCHJ ta’sischisi ishtirok etmoqda. Ayni paytda ular zarur savdo maydonini taqdim etishga to‘liq tayyor va O‘zbekiston tadbirkorlarining aniq qadamlarini kutmoqda. U yerda „O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan“ savdo maydonchasini ochib, qishloq xo‘jaligi yarmarkalarini tashkil etishni istardik", — dedi Nurdavlet Qilibay.

Shuningdek, hududlararo forumda Mang‘istau viloyati hokimi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aloqalarini yanada kengaytirish maqsadida chegaradosh hududda "Xorgos" nomli boj olinmaydigan maxsus savdo zonasini tashkil etish taklifini bildirdi. Savdo-iqtisodiy zonaning ochilishi Mang‘istau viloyati va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 4 barobar oshirish imkonini berishi ko‘rsatib o‘tildi.

Bundan tashqari, uchrashuvda turizm va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlik muhokama qilindi. Misol uchun, O‘zbekiston turoperatorlari uchun Mang‘istau viloyatining tarixiy, madaniy va turistik joylariga tashrif buyurishni o‘z ichiga olgan turpaketlar ishlab chiqilgani va 2025 yildan boshlab o‘z faoliyatini boshlashga tayyor ekani ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida Mang‘istau viloyati hokimligi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Beyneu va Xo‘jayli tumanlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.

    Boshqa yangiliklar