Toshkent viloyatida haydovchilik guvohnomalarini olib berishni va’da qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar qildi.
Departamentning Piskent tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro X.A. fuqaro M.M.ga go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali haydovchilik guvohnomasini olib berishi evaziga 1 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Ohangaron tumani bo‘limi, DXX va IIBB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar I.U. va A.P. fuqarolar I.E. va I.U.ga haydovchilik guvohnomalarini olib berishi evaziga 1 000 AQSH dollari va 20 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.