Bu yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo`yicha har bir mahalladagi haqiqiy ahvol o`rganildi, tumanlar kesimida dastur ishlab chiqildi. Bu haqida bugun Prezident raisligida o`tkazilgan yig`ilishda ma`lum qilindi.
Tayyorgarlik ishlariga o`tgan yilgi 14 trillion so`mga qo`shimcha yana 14 trillion so`m ajratilishi belgilandi.
Prezident mutasaddilarni ogohlantirdi:
“Endi “muddat kam edi, mablag` bo`lmadi”, deb bahona qilishga hech kimning haqqi yo`q”.
Yil boshidan viloyatlarda 250 ta avariyaviy o`chish bois ayrim joylardagi iste`molchilarga elektr barqaror etkazilmagani ta`kidlandi. Chunki ba`zi ko`p qavatli uylardagi elektr qutilar va undagi simlar muddatini o`tab bo`lgan.
Mutasaddilarga bu boradagi kamchiliklarni to`liq bartaraf etish topshirildi.
Ishlarni eng og`ir mahallalardan boshlab, yil yakunigacha 30 ming kilometr tarmoq, 10 mingta transformatorni yaxshilash vazifasi qo`yildi.
Yig`ilishda elektr energiyasini ishlab chiqarishni ko`paytirish masalalari ko`rib chiqildi.
Barcha generasiya manbalari hisobidan joriy yilda 4 gigavattlik elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan. 11 ta quyosh va 3 ta shamol stansiyasi shular jumlasidan.
Bundan tashqari, 850 kilometr magistral tarmoq va 9 ta podstansiyani kapital ta`mirlash, 595 kilometr elektr tarmog`i va 4 ta yangi podstansiyani ishga tushirish rejalari belgilab olindi.






