Prezident Shavkat Mirziyoev poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi Dilbog` mahallasida bo`lib, aholi turmush sharoiti bilan yaqindan tanishdi.
Mahallada 5 ming 200 nafardan ortiq aholi yashaydi. 26 ta ko`p qavatli uy, maktab va bog`chalar, savdo shoxobchalari atrofi obod qilingan.
Yurtimizda har bir mahalla ixtisoslashuvidan kelib chiqib rivojlantirilmoqda. Dilbog`liklar asosan tadbirkorlik va hunarmandlik bilan shug`ullanadi. 15 ta savdo va xizmat ko`rsatish shoxobchasi, bitta ishlab chiqarish korxonasi, ta`lim muassasalarida aholi doimiy ish bilan band.
O`tgan yili aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 13 ta loyihaga kredit ajratilgan. 300 ga yaqin fuqaro yangi ishga joylashtirilgan. Yoshlarni kasbga o`rgatish uchun monomarkaz tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari mahalladagi qurilish va obodonlashtirish ishlarini ko`zdan kechirdi.
O`zbekiston Futbol assosiasiyasi huzuridagi Toshkent shahar futbol akademiyasi shu mahallada joylashgan. Zamonaviy majmuada yopiq va ochiq sport maydonlari, nazariy mashg`ulot xonalari, yotoqxona, oshxona va kutubxona mavjud. Hozir bu erda 12 yoshdan 18 yoshgacha bo`lgan 154 nafar bola saboq olmoqda. Mashg`ulotlarga chet ellik mutaxassislar ham jalb qilingan. Stadionlar yoritish va tasvirga olish qurilmalari bilan jihozlangan.
Prezident akademiya tarbiyalanuvchilari va sport sohasi mas`ullari bilan suhbatlashdi.
– Futbol bo`yicha qarorlarimiz, iqtidorli bolalarga e`tibor berganimiz tufayli o`zbek futboli ham jahonga chiqa boshladi. Evropa jamoalarida legionerlarimiz ko`payyapti. Yoshlarimiz Olimpiadaga yo`llanma oldi. Bu davomiy bo`lishi uchun endi mahallalarda futbolni rivojlantirish kerak. Qo`shimcha stadionlar qurib, uning ommaviyligini qo`llab-quvvatlash zarur, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Shu mahalladagi suv sporti saroyining ta`miri ham ko`zdan kechirildi. Uni davlat-xususiy sheriklik asosida barqaror ishlatish bo`yicha ko`rsatma berildi.






