AsosiyJamiyat

Navoiyda ona to`rt oylik chaqalog`ini 10 mlnga sotishga urindi

'Navoiyda ona to`rt oylik chaqalog`ini 10 mlnga sotishga urindi'ning rasmi

Navoiy viloyatida to`rt oylik farzandini sotishga uringan ayolga sud hukmi o`qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Abidov ma`lum qildi.

Qayd etilishicha, Samarqand viloyati Paxtachi tumanida tug`ilgan 27 yoshli ayol 2016 yilda o`ziga tanish bo`lgan erkak bilan shar`iy nikoh o`qitib, birga yashay boshlagan. 2021 yilda ularning birinchi farzandi tug`ilgan. To`ng`ich farzandi bir yoshga to`lmasidan ayol ikkinchi bolasini dunyoga keltirgan. Ammo ota-ona o`g`il chaqaloqni boqib katta qilishni istamay, o`z xohishi bilan undan voz kechishga qaror qilib, Paxtachi tumani hokimligiga murojaat qilgan. Natijada vasiylik organi orqali chaqaloq farzandsiz oila qaramog`iga topshirilgan.

Oradan ikki yil o`tib, ayol uchinchi farzandiga homilador bo`lgani bois er-xotin o`rtasiga janjal chiqqan. Er tomonidan kaltaklangan ayol bir oylik homilasi bilan uydan chiqib ketgan. Navoiy shahridagi ijara uyda yashab kelgan ayol 2023 yil 7 iyulda qiz farzandini dunyoga keltirgan va unga xaridor izlay boshlagan.

O`sha yilning noyabr oyida ayol 4 oylik chaqalog`ini Karmana tuman tibbiyot birlashmasi hovlisida shartli xaridorga 10 million so`mga sotayotgan vaqtida qo`lga olingan.

Jinoyat ishlari bo`yicha Uchquduq tuman sudida Jinoyat kodeksining 135-moddasida (odam savdosi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan muqaddam sudlangan ayolga oid jinoyat ishi ko`rib chiqilib, unga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

    Boshqa yangiliklar