AsosiyJamiyat

Reseptsiz beriladigan dori vositalari ro`yxatini tasdiqlash amaliyoti bekor qilinadi

'Reseptsiz beriladigan dori vositalari ro`yxatini tasdiqlash amaliyoti bekor qilinadi'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog`lig`ini saqlash masalalari qo`mitasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan farmasevtika sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi dastlabki tarzda ko`rib chiqildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Qonun loyihasi bilan “Fuqarolar sog`lig`ini saqlash to`g`risida”gi hamda “Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to`g`risida”gi qonunlarning ayrim normalariga tegishli o`zgartirishlar kiritilmoqda. Ya`ni, Sog`liqni saqlash vazirligi vakolatidan resepsiz beriladigan dori vositalari ro`yxatini yiliga kamida bir marta tasdiqlash normasi va unga aloqador bo`lgan bandlar chiqarilmoqda.

Natijada dori vositalari Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan davlat ro`yxatidan o`tkazilishi chog`ida “Dori vositalarini resept bilan va reseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibi to`g`risidagi nizom” asosida uning resepsiz yoki resept asosida berilishiga oid toifasi aniqlanadi. Davlat ro`yxatidan o`tkazilgan dori vositasi avtomatik shakllantirilib boriladigan ro`yxatda qayd etilib, veb-saytga joylashtiriladi.

Shu bilan birga, qonun loyihasida dori moddalari (substansiyalar)ni davlat ro`yxatidan o`tkazishga oid normani bekor qilish ham nazarda tutilmoqda. Chunki bugungi kunda dori vositalarini ishlab chiqarish amaliyotiga joriy qilingan xalqaro standartlar (GMP) va sifat nazoratiga qo`yilgan talablar doirasida substansiyalarni nazorat qilishning alternativ mexanizmlari joriy etilgan.

Taklif etilayotgan yangiliklar sohadagi ayrim takrorlanuvchi va byurokratik talablarni bekor qilish orqali aholining sifatli, xavfsiz, samarador va arzon dori vositalari bilan ta`minlash darajasining oshishiga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar