Kelgusi yildan milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ko`p ming nusxalarda chop etish va barcha kutubxonalarga etkazib berish lozimligi ta`kidlandi.
Shu bilan birga, har yili eng yaxshi badiiy asarlar yaratish, tarjima qilish uchun ijodiy buyurtmalar berilib, muallif va tarjimonlarga munosib qalam haqi to`lanadi.
Allomalarimizning yoshligi haqida kitoblar yozish, yozganda ham bolalarbop qilib yozish kerakligi ko`rsatib o`tildi.
Bu ishlarni rag`batlantirish, yangi bosqichga ko`tarish uchun kelgusi yili mamlakatimizda Xalqaro bolalar adabiyoti ko`rgazmasi tashkil etiladi.
Nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlari kengaytirilishi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlanishi zarurligi ta`kidlandi.
Shu maqsadda ushbu korxonalar 5 yilga soliqlardan ozod qilinadi. Shuningdek, ularga imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Prezidentimiz tarjimonlikdek mas`uliyatli mehnatni munosib rag`batlantirish uchun ulug` shoir va tarjimon Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta`sis etishni taklif etdi.
Hududlardagi bolalar kutubxonalari bosqichma-bosqich bolajonlarimizning sevimli maskaniga aylantirilishi ta`kidlandi.






