Toshkentda havoning ifloslanish darajasi siyohrang, ya`ni eng xavflilik nuqtasiga etdi. Mahalliy vaqt bilan 11.30 dagi havoning ifloslanish darajasi 244 ballni tashkil etdi.
Shuningdek, ushbu ko`rsatkich soat sayin ko`tarilib bormoqda. Xususan, soat 11:00 lar atrofida Toshkent shahrining ko`rsatkichi 166 daraja bilan qizil rangda, dunyo mamlakatlari reytingida 10-o`rinda turgandi. Yarim soat ichida poytaxt havosi eng iflos shaharlar ro`yxatida birdan 3-o`ringacha ko`tarildi.
Ayni vaqtda, Toshkent Hindistonning Dehli va Pokistonning Lahor shaharlaridan keyingi o`rinni band qilib turibdi.
Shuningdek, Toshkentda havo tarkibidagi mayda zararli zarrachalar – PM2.5 konsentrasiyasi JSST havo sifati bo`yicha yillik yo`riqnoma qiymatidan 38,7 barobarga ortib ketgan.






