Uzbekistan airports parvoz kechiktirilganida aviatashuvchi bepul taqdim etishi lozim bo`lgan asosiy xizmatlar to`g`risida ma`lumot berdi.
Parvoz kechikishi har kim bilan sodir bo`lishi mumkin bo`lgan holat, ayniqsa, noqulay ob-havo sharoiti yoki samolyotdagi texnik muammolar tufayli. Turli aviakompaniyalarda yo`lovchilarga xizmat ko`rsatishning turli xil shartlari bor, ammo parvoz kechiktirilganida aviatashuvchi bepul taqdim etishi lozim bo`lgan asosiy xizmatlar mavjud:
telefon orqali bir marotaba suhbat, elektron pochta xabarini yuborish yoki boshqa aloqa usullaridan bir martalik foydalanish;
kutish vaqtida ichimlik suvi va issiq ovqat bilan ta`minlash;
agar kutish vaqti tashuvchining qoidalarida belgilangan muddatdan oshib ketgan taqdirda, mehmonxona bilan ta`minlash;
jo`nab ketishni kutish davrida yo`lovchini vaqtincha yashash joyiga va undan olib kelish uchun transport bilan ta`minlash;
chiptada ko`rsatilgan va o`tkazib yuborilgan tranzit reyslari bilan bog`liq xarajatlarni qoplash yoki qayta bron qilish.
Ta`kidlanishicha, kichik bolalari (7 yoshgacha) bo`lgan barcha yo`lovchilarga, parvozning kechikish vaqtidan qat`iy nazar, ona va bola xonasiga kirish huquqi berilishi lozim.
Uzbekistan airports aviakompaniyasi parvozlar kechiktirilgan taqdirda, aeroportdagi ma`lumot ekranlari, rasmiy veb-saytdagi onlayn tablo yoki Telegram-bot orqali jadval yangilanishini kuzatib borishni, shuningdek, barcha savollar bo`yicha aviakompaniyaning rasmiy vakillariga murojaat qilishni tavsiya qiladi.






