Bugun, 12 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tyapti.
Majlisda «Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksiga hamda Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini ikkinchi o`qishda moddama-modda ko`rib chiqildi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasida respublika hududida uchuvchisiz uchadigan apparatlardan noqonuniy foydalanishni birinchi marta sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik o`rniga ma`muriy javobgarlik belgilanmoqda. Bu kabi huquqbuzarliklarni takror sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik jazo choralarini engillashtirish nazarda tutilyapti.
Kiritilayotgan normalar fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, mamlakatga chet ellik turistlarning keng jalb etilishi uchun qulay sharoitlarni ta`minlash, shuningdek respublikaning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.






