Ijtimoiy tarmoqda avtobus to`satdan harakatlanishi natijasida yo`lovchi ayol jarohat olgani haqida xabar tarqaldi.
“Toshshahartransxizmat” AJ holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, hodisa joriy yilning 10 dekabr kuni soat 15:30 larda Mirzo Ulug`bek tumani Qorasuv mavzesi Mingbuloq ko`chasi “Universam bekati”da sodir bo`lgan.
50-sonli “Yunusobod mavzesi 9 dahasi –Chingeldi mahallasi” yo`nalishida harakatlanayotgan MAN rusumli avtobus haydovchisi yo`lovchilarni to`liq tushurib-chiqarib bo`lmasdan harakatlanishi oqibatida, avtobusga hali chiqib ulgurmagan yo`lovchi ayol yiqilib tushishi natijasida tan jarohati olgan.
Hodisa sodir bo`lgan joyga darhol tez-tibbiy yordam xodimlari chaqirilib, RShTTYo markaziga olib borilgan va birinchi tez-tibbiy yordam ko`rsatilib, tashxis qilingan. Tashxis natijalariga ko`ra, yo`lovchi yuz qismi peshonasidan engil tan jarohati olganligi hamda o`ng qo`li singanligi aniqlangan.
Hozirda ushbu yo`l-transport hodisasi Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan rasmiylashtirilib, dastlabki tergov va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






