Angren ko`mir ombori mudiri Muzaffar Ergashev, "Ko`mir ta`minot" MChJ mansabdorlari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Bu haqda "O`zbekko`mir" AJ xabar bergan.
Unga ko`ra, Angren ko`mir omboriga joriy yilning iyun oyidan noyabr oyiga qadar 25 112 tonna ko`mir mahsulotlari qabul qilib olingan. Hisobotlarda ushbu ko`mirning 21 411 tonnasi ijtimoiy soha muassasalari va aholiga imtiyozli narxlarda tarqatilgani hamda joriy yilning 11 noyabr holatiga omborda qoldiq 3700 tonna ko`mir borligi aks ettirilgan.
"O`zbekko`mir" AJ bosh geologining 2023 yil 11 noyabrdagi Angren ko`mir omborida o`tkazilgan marksheyderlik o`lchovidagi xulosasiga ko`ra, omborda jami 1805 tonna ko`mir qoldiqda mavjudligi ko`rsatilgan. Bu orqali ombor mudiri Muzaffar Ergashev o`ziga ishonib topshirilgan 569 mln so`mlik 1895 tonna ko`mirni rastrata yo`li bilan talon-toroj qilib, o`zlashtirib yuborgani aniqlangan.
Shuningdek, 3 mlrd 88 mln so`m byudjet mablag`lari rastrata qilish orqali talon-toroj qilingan.
Bundan tashqari, jamiyatning tovarlar kirim va chiqim amaliyotlari tahlil qilinganida tegishli qonun talablariga zid ravishda jamiyat tomonidan katta miqdordagi benzin va dizel yoqilg`isi, shuningdek, neft mahsulotlari lisenziya va boshqa hujjatlarsiz realizasiya qilingani aniqlangan.
Ushbu holatlar bo`yicha Angren ko`mir ombori mudiri Muzaffar Ergashev va boshqalarga, shuningdek, "Ko`mir ta`minot" MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






