AsosiyDunyo

AQSh Senati Ukraina va Isroilga yordam loyihasini rad etdi

'AQSh Senati Ukraina va Isroilga yordam loyihasini rad etdi'ning rasmi

Ukraina va Isroilga ko`p milliard dollarlik yordam ajratish to`g`risidagi qonun loyihasi AQSh Senatida prosessual ovoz berishdan o`tmadi, deb yozadi The Washington Post. Masalani Kongressning yuqori palatasiga olib chiqish uchun 60 senatorning roziligi zarur edi. 51 deputat "qarshi", 49 nafari "ma`qul" ovoz berdi.

AQSh prezidenti Jo Bayden oktyabr oyida Amerika milliy xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan jami 110 milliard dollarlik xarajatlar paketini taqdim etdi. Xususan, u ushbu mojarolar doirasida Ukrainaga 61 milliard dollar, Isroilga 14 milliard dollar miqdorida harbiy yordam ajratishni, shuningdek, 9 milliard dollar miqdorida gumanitar yordam ko`rsatishni nazarda tutgan. Bundan tashqari, Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi ittifoqchilarga yordam berish uchun 2 milliard dollar va AQSh janubiy chegarasida xavfsizlikni ta`minlash uchun 14 milliard dollar ajratilgan. Paket doirasida AQSh ma`muriyati boshpana so`rovlarini ko`rib chiqishni tezlashtirish uchun immigrasiya xizmati xodimlari sonini ko`paytirishni, noqonuniy migrasiyaga qarshi kurashish uchun patrullar sonini ko`paytirishni va migrantlarni qabul qilish markazlarini boshqaradigan shtatlarga mablag` ajratishni taklif qildi.

Oq uy bu mablag`ni ma`qullamasa, Qo`shma Shtatlar bir necha hafta ichida Ukrainani qo`llab-quvvatlash uchun pulsiz qolishini bir necha bor ta`kidlagan.

AQSh prezidenti Jo Bayden 6 dekabr kuni Kongressni Ukrainaga moliyaviy yordam ko`rsatishni zudlik bilan tasdiqlashga va partiyalararo kelishmovchiliklarni chetga surib qo`yishga chaqirdi.

 

 

    Boshqa yangiliklar