AsosiyJamiyat

"Insonda OIV aniqlandi degani, uni jamiyatdan ajratish kerak degani emas", – OIV bilan yashovchilar jamiyati vakili Elina Kruglova

'"Insonda OIV aniqlandi degani, uni jamiyatdan ajratish kerak degani emas", – OIV bilan yashovchilar jamiyati vakili Elina Kruglova'ning rasmi

Toshkentda 1 dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurashish kuniga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi. Bu haqda Darakchi.uz’muxbiri xabar berdi. 

Anjumanda Davlat byudjeti hamda OITS, bezgak va silga qarshi kurash bo`yicha Global jamg`arma mablag`lari hisobidan qariyb 7 million AQSh dollari miqdorida retrovirusga qarshi dori vositalari xarid qilinib, 40 ming nafardan ortiq bemor virusga qarshi terapiya bilan qamrab olingani ta`kidlab o`tildi.

Ma`lum qilinishicha, Respublika OITSga qarshi kurash markazi hamda FHDYo organlari axborot tizimi integrasiya qilindi. Ushbu tizim orqali nikohlanuvchilarning OIVga tibbiy tekshiruv jarayoni qulay va sodda holatga olib kelindi. OIV bo`yicha Elektron axborot tizimi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg`armasining elektron bazasi bilan integrasiya qilinib, hozirgi kunda OIV infeksiyasi bo`lgan 18 yoshgacha bolalarga nafaqa avtomatik tarzda belgilanib, ularning nafaqa olishida yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarga (hujjat to`plash jarayoni) chek qo`yildi. 

Ushbu infeksiya bilan yashovchi onalardan tug`ilgan bolalarga OIVning vertikal yo`l bilan yuqishining oldini olish maqsadida homilador ayollarni infeksiyaga tekshirishlar 100 foiz qamrab olinmoqda. OIV aniqlangan holatda, homilador dispanser hisobiga olinib, retrovirusga qarshi dori vositalari beriladi. Homiladorlik davridagi immunologik ko`rsatkichlar va virus yuklamasi laboratoriyada tekshirib borilib, tug`ruq kesar kesish usulida amalga oshiriladi. Homilador qonida virus yuklamasiga (miqdori) ko`ra tug`ruq tabiiy yo`l bilan ham amalga oshirilishi mumkin. Tug`ilgan bolaga profilaktika maqsadida retrovirusga qarshi dori vositalari beriladi. Bundan tashqari, OIV infeksiyali onalardan tug`ilgan 700 nafardan ortiq bola olti oylik bo`lguncha quruq sut aralashmalari bilan ta`minlanmoqda. 

"Men OIV bilan yashovchi shaxslarning vakili sifatida yurtimizda o`tkazilgan tadqiqotda ishtirok etganman. Uning natijalariga ko`ra, 15 yoshdan 49 yoshgacha bo`lgan ayollarning 76 foizi o`z farzanlarini OIV infeksiyasi bor bolalar bilan bir maktabda o`qimasliklarini istashadi.Ularning faqat 14 foizigina OIV va OITS haqida etarli bilimga ega. Jamiyatda OIV bilan yashayotgan odamlarga nisbatan kamsitishning kuchayishiga sabab aholining OIV haqida xabardorligi etarli emas.

Insonda kasallik aniqlandi degani, uni jamiyatdan ajratish kerak degani emas. Biz ham o`z kelajagimiz haqida qayg`urishni, yurtimizdagi yoshlar kabi sevgan kasbimizni tanlashimizni, oila qurishni va yurtimizga foyda keltirishni istaymiz”, – OIV bilan yashovchilar jamiyati vakili Elina Kruglova.

Respublika OITSga qarshi kurashish markazi va “Chegara bilmas shifokorlar” Xalqaro muruvvat tashkiloti bilan o`zaro hamkorlikda yo`lga qo`yilgan “Mobil laboratoriya” joriy yilning o`tgan 10 oyi davomida Toshkent shaxar va viloyati hududlarida jami 164 ta chiqishlarni amalga oshirildi. Ushbu chiqishlar davomida jami 5551 nafar fuqarolar (asosan ichki migrantlar) OIV, VGS va sifilisga tibbiy tekshiruvdan o`tkazildi. O`tkazilgan tibbiy tekshiruv natijalariga ko`ra jami 437 nafar shaxslarda (41 nafarida OIV, 302 nafarida VGS va 94 nafarida sifilis) musbat natija qayd etildi (tekshirilgan shaxslar soniga nisbatan aniqlanish ko`rsatkichi 7.9%). Ushbu aniqlangan musbat natijali shaxslarning barchasi bilan navbatdagi diagnostik tekshiruvlar va davolash ishlari olib borilishi uchun tegishliligi bo`yicha yo`llanmalar berildi.

Ma`lumot uchun, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 2030 yilga borib OIV epidemiyasiga barham berish uchun "95-95-95" strategiyasi olg`a surilgan bo`lib, uning doirasida OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxslarning 95 foizi o`zining OIV statusini ya`ni organizmida OIV mavjudligini bilishi, 95 foiz OIV yuqtirib olganlar maxsus davolash kurslari (RQT) bilan qamrab olinishlari hamda 95 foizi qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushishiga erishish maqsadi belgilangan. Shuni alohida ta`kidlash lozimki, OIV infeksiyasi bilan kasallangan bemorning qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushishiga erishilsa, uning kasallik yuqtirishi cheklanadi va atrofdagilar uchun xavfli hisoblanmaydi, ya`ni bu kasallikni boshqalarga yuqtirish xavfi kamayadi. Bu maqsadlarga erishish uchun respublikamizda 177 ming nafardan ortiq aholi o`rtasida Ekspress test bilan OIVga tezkor tekshiruvlar o`tkazildi. Ushbu maqsadda respublika byudjeti va mahalliy mablag`lardan ekspress testlar xarid etilgan. 

    Boshqa yangiliklar