Ayni kunlarda Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida II Saudiya o`yinlari bo`lib o`tmoqda. 27 noyabr kuni musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Mazkur tadbirda fahriy mehmon sifatida taklif etilgan Osiyo Olimpiya kengashi vise-prezidenti Otabek Umarov va O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov ham ishtirok etishdi.
Otabek Muhammadalievichni Saudiya Arabistoni shahzodasi Faxad bin Mansur Al Saud kutib oldi. Shundan so`ng O`zbekiston delegasiyasini Qirollik oilasining yana bir vakili, mamlakat Sport vaziri, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo`mitalari raisi shahzoda Abdulaziz bin Turkiy Al Faysal Saudiya o`yinlarining ochilish marosimiga taklif qildi.
Tashrif davomida shahzoda Abdulaziz bilan mintaqada Olimpiya harakatini rivojlantirish va davlatlar o`rtasida sport sohasidagi o`zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish borasida uchrashuv tashkil etildi. Samimiy ruhda o`tgan suhbatda bir qator istiqbolli masalalar muhokama qilindi. Jumladan, har ikki mamlakat o`rtasidagi do`stona aloqalarni mustahkamlash, yirik sport musobaqalariga tayyorgarlik doirasida terma jamoalar ishtirokida o`quv-mashg`ulot yig`inlarini o`tkazish, sport sohasidagi so`nggi yutuqlarni baham ko`rish borasida fikr almashildi.
Ar-Riyodda bir vaqtning o`zida Islom birdamligi sport tashkilotining Kongressi ham o`tkazilmoqda. Rasmiylar mazkur tadbirda ham ishtirok etib, xalqaro aloqalarni mustahkamlash borasida kelishuvga erishishmoqda.
Tashkiliy qo`mita a`zolari rasmiy mehmonlar uchun Saudiya Arabistonida sportni rivojlantirish borasidagi “Vision-2030” strategiyasini taqdim qilishdi. Unda Saudiya Arabistonining 2034 yil futbol bo`yicha jahon chempionati, yozgi Osiyo o`yinlari kabi yirik musobaqalarga tayyorgarlik rejasi haqida turli taqdimotlar o`tkazildi. Rasmiylar "Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o`yinlari"ga tayyorgarlik doirasida Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik qilish masalasini ko`rib chiqishdi.






