Prezident Shavkat Mirziyoev 28 noyabr kuni farmasevtika va elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarishni yanada qo`llab-quvvatlash, korxonalarning eksport salohiyatini oshirish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi.
Mamlakatimizda bu ikki tarmoq uchun ham zarur xomashyo, etarli sharoitlar bor. Xususan, oxirgi olti yilda farmasevtika sohasida ishlab chiqarish 3 barobar, eksport 6 barobar ko`paygan. 525 million dollarlik 177 ta loyiha ishga tushib, jami 50 mingta ish o`rni yaratilgan.
Lekin bu hali mavjud imkoniyat va talab darajasida emas. Masalan, yurtimizda yiliga 1,6 milliard dollarlik dori-darmon iste`mol qilinadi. Bunda mahalliy mahsulotlarimizning ulushi bor-yo`g`i 18 foiz, qolgani import hisobidan qoplanayapti.
Shu bois yig`ilishda mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
– So`nggi yillarda bu sohaga katta ko`mak va mablag` berildi, farmasevtika zonalari tashkil etildi. Lekin bundan to`la foydalanilmayapti. Mahalliylashtirishni kengaytirish, tadbirkorlar loyihalarini qo`llab-quvvatlash, ularning mahsulotlari xaridorgirligini ta`minlash kerak. Buning zamirida qancha ish o`rni, qancha odamlarning roziligi bor, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Bu borada xorij tajribasini o`rganish, mashhur brendlarni mamlakatimizga jalb etish muhimligi ta`kidlandi. Jumladan, eng ko`p iste`mol qilinadigan 50 turdagi dorini yurtimizda ishlab chiqarish orqali mahalliylashtirish ulushini 35 foizga etkazish mumkinligi ko`rsatib o`tildi.
“Tashkent Pharma Park” klasteri qurilishini jadallashtirish, unga xususiy sherikni jalb etish zarurligi aytildi. Shuningdek, farmasevtika korxonalariga “GMP” xalqaro standartiga o`tish va markirovkalash tizimini yo`lga qo`yishda ko`maklashiladi.
Umuman, bu sohada 1,5 milliard dollarlik 173 ta loyiha shakllantirilgan. Ularni moliyalashtirish uchun 600 million dollar yo`naltiriladi.
Mutasaddilar bularning natijasida 2024 yilda 400 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilishi, 160 million dollar eksport ta`minlanishi bo`yicha axborot berdi.
Yig`ilishda elektrotexnika sanoatiga doir masalalar ham ko`rib chiqildi.
So`nggi olti yilda bu sohada 640 million dollarlik 224 ta loyiha ishga tushirilgan. Bu yil yakunida eksport 1 milliard dollarga etishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, yurtimizga yiliga 800 million dollarlik elektrotexnika tovarlari import bo`lmoqda. Umuman olganda, mintaqamizda 3 milliard dollarlik bozor bor.
Bunda munosib o`rin egallash uchun nufuzli brendlar bilan hamkorlik o`rnatib, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish zarurligi qayd etildi. Kelgusi yilga mo`ljallangan 2 milliard dollarlik 141 ta loyihada bunga alohida e`tibor qaratiladi.
Joriy yilda 2 gigavatt, 2024 yilda yana 4 gigavatt quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Ularga juda ko`p kabel, generator, invertor, transformatorlar zarur. Bu mahsulotlarni mahalliylashtirib, xalqaro sifat sertifikatlari olish vazifasi qo`yildi.
Sohada ilg`or texnologiya, innovasiya va xalqaro standartlarni joriy etishni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash uchun 100 million dollar yo`naltirilishi belgilandi.
Mutasaddilar kelgusi yilda ishlab chiqarishni 20 foizga oshirish, misni qayta ishlash hajmini 140 ming tonnaga olib chiqish rejalarini bayon etdi. Shuningdek, eksportni 1,5 milliard dollarga, 2025 yilda 2 milliard dollarga etkazish imkoniyati borligi qayd etildi.
Yig`ilishda ushbu tarmoqlardagi muammo va vazifalar yuzasidan viloyat hokimlari va tadbirkorlarning takliflari eshitildi.






