Joriy yilning 25-29 noyabr kunlari Buxoro viloyatida O`zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo`mitasi, O`zbekiston Respublikasi Din ishlari bo`yicha qo`mitasi hamda Buxoro viloyati hokimligi tomonidan ”Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” tashkil etildi.
Xalqaro haftalikda Xalqaro ”Crescent Rating” kompaniyasi prezidenti Bahardeen Mohamed Fazal, qator xalqaro tashkilotlar, islom dunyosining nufuzli shaxslari, chet davlatlarning ziyorat turizmi mas`ullari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro haftalikdan ko`zlangan asosiy maqsad mamlakatimizdagi mavjud ziyorat turizmi salohiyatidan yanada unumli foydalanish, O`zbekiston zaminini dunyo sivilizasiyasining muhim markazlaridan biri sifatida namoyon qilish, jahon hamjamiyati va xalqaro tashkilotlarning yuqori e`tiroflariga sazovor bo`lish, shuningdek, ziyorat turizmi xizmatlarini diversifikasiya qilish va turizm eksportini oshirishdir.
26 noyabr kuni ishtirokchilar Buxoro shahrining qadimiy maskanlari – tarixiy obidalari bilan yaqindan tanishdi hamda Mir Arab oliy madrasasi tarixi va O`zbekistonda chop etilgan diniy-ma`rifiy nashrlar ko`rgazmasida qatnashishdi.
Shundan so`ng, ”O`zbekiston islom sivilizasiyasi markazi” ilmiy-amaliy konferensiyasi, Buxoro viloyati turizm imkoniyatlarini rivojlantirish bo`yicha xalqaro ilmiy konferesiyasi hamda Buxoroning yagona ziyorat turizmi brendi targ`ibotiga bag`ishlangan tadbirlar o`tkazildi.
27 noyabr kuni ”O`zbekiston – eng yaxshi musulmon-mehmondo`stlik destinasiyasi” xalqaro forumi bo`lib o`tdi. Uning doirasida Islom hamkorlik tashqilotiga a`zo davlatlarning turoperatorlari va mahalliy turistik tashkilotlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Xalqaro tadbirning to`rtinchi kunida ishtirokchilar ”O`zbek milliy taomlari” festivali va Hunarmandlar ko`rgazmasi hamda ”Nomad Games” milliy o`yinlar xalqaro festivali guvohiga aylanishdi.
”Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” yakunlariga bag`ishlab mas`ullar va xalqaro tashkilot vakillari ishtirokida jurnalistlar va keng jamoatchilik vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbir so`ngida ”Milliy liboslar” ko`rgazmasi hamda ”Milliy ohanglar“ festivali o`tkazildi.
Xalqaro haftalik ishtirokchilari qadim va boy tariximizdan, ajdodlar merosidan bahramand bo`lishdi.






