“Allergik kasalliklarning oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, allergik kasalliklarning oldini olish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida, jumladan:
- tibbiyotning birlamchi bo`g`inidan boshlab allergik kasalliklarning epidemiologik ko`rsatkichlari ustidan nazorat kuchaytiriladi va manzilli skrining tekshiruvlari joriy etiladi.
2024 yil 1 yanvardan
allergik va immunologik kasalliklarga chalingan “Ijtimoiy himoya yagona reestri”da bo`lgan bemorlarni ingalyasion glyukokortikosteroid dori vositalari bilan bepul ta`minlash tizimi yo`lga qo`yiladi.
2024 yildan:
- allergik kasalliklar (shu jumladan mavsumiy allergiya) ko`rsatkichlari yuqori hududlarda yiliga kamida bir marta ommaviy va selektiv skrining tekshiruvlari o`tkaziladi;
- hududlarda allergologiya va klinik immunologiya yo`nalishida yuqori texnologik tashxislash va davolash amaliyotlari turlari bosqichma-bosqich 10 turdan 20 turgacha oshiriladi.
2024 yil 1 yanvardan
Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi etib qayta tashkil qilinadi.
Toshkent shahri aholisi uchun allergik kasalliklar bo`yicha ixtisoslashtirilgan va shoshilinch tibbiy yordam Markaz tomonidan ko`rsatiladi.
2024 yildan quyidagilarni nazarda tutuvchi tizim joriy qilinadi:
- allergik kasalliklar keltirib chiqaruvchi aeroallergenlar tarkibi va mavsumiy tarqalish ko`lami hududlar kesimida o`rganilib, uning natijalari Xalqaro molekulyar allergologiya markazi tomonidan Gidrometeorologiya xizmati agentligiga muntazam taqdim etib boriladi;
- aeroallergenlar tarkibi va mavsumiy tarqalish ko`lami to`g`risidagi ma`lumotlar atrof tabiiy muhit ifloslanishiga oid ma`lumotlar bilan birgalikda tegishli veb-sayt va boshqa manbalar orqali e`lon qilib boriladi.
2024 yil 1 aprelgacha allergik kasallikka chalingan bemorlarning elektron reestri yaratilib, amaliyotga tatbiq etiladi.






