AsosiyJamiyat

O`zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Polsha TIVga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi

'O`zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Polsha TIVga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi'ning rasmi

O`zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Amirsaid A`zamxo`jaev Polsha tashqi ishlar vaziri Zbignev Rauga ishonch yorliqlarining nusxalarini topshirdi.

Uchrashuv davomida Polsha tashqi ishlar vaziri 2022 yil iyun oyida Toshkent va Samarqandga tashrifini va O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan muzokaralarni samimiyat bilan yodga oldi.

So`nggi yillarda O`zbekiston-Polsha hamkorligi, ayniqsa, savdo-iqtisodiy sohada sezilarli darajada mustahkamlanib, yangi va amaliy mazmun bilan to`ldirilgani alohida qayd etildi. Polsha ishbilarmon doiralarining o`zbekistonlik sheriklar bilan aloqalarni rivojlantirishga qiziqishi ortib bormoqda.

Polsha tashqi ishlar vazirligi rahbari to`qimachilik sanoatidagi hamkorlik istiqbollarini yuqori baholar ekan, O`zbekistondan Polshaga yarim tayyor va tayyor engil sanoat mahsulotlari eksportini har tomonlama rag`batlantirishga tayyor ekanligini ma`lum qildi.

Polsha va O`zbekiston yaqin madaniy-gumanitar aloqalarga ega ekanligi, 2024 yil fevralidan Varshava–Toshkent–Varshava yo`nalishi bo`yicha muntazam to`g`ridan-to`g`ri havo qatnovlarining yo`lga qo`yilishi polshalik sayyohlar sonining ko`payishiga va o`zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi ta`kidlandi. 

Eslatib o`tamiz: elchi Amirsaid A`zamxo`jaev 7 noyabrda Varshavaga kelgan. Bunga qadar u Tashqi ishlar vazirligining konsullik va yuridik bo`limida ishlagan, O`zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi konsuli, 2020 yildan Bosh konsullik rahbari bo`lgan. U 38 yoshda. Toshkent Davlat jahon tillari universitetini tamomlagan.

Amirsaid A`zamxo`jaev 2015 yildan muvaqqat ishlar vakili, 2019 yil may oyidan boshlab O`zbekistonning Favqulodda va Muxtor elchisi sifatida Varshavadagi diplomatik missiya rahbari bo`lib ishlagan Bahrom Boboev o`rniga tayinlangan.

    Boshqa yangiliklar