Sog`liqni saqlash vazirligining xabariga ko`ra, ayni paytda kichik yoshdagi bolalarning nafas yo`llari yuqumli kasalliklariga chalinish ko`rsatkichlari yilning boshqa davrlariga nisbatan anchagina ortadi.
Bu yil ham yurtimizda yosh o`g`il-qizlar orasida o`tkir respirator kasalliklarning davriy ko`tarilishi kuzatilmoqda.
Ushbu xastalikka chalinishning asosiy ulushi esa Toshkent shahri aholisi hissasiga to`g`ri kelyapti. Natijada poytaxtdagi bolalar klinik shifoxonalariga yuklamalar yilning boshqa davrlariga nisbatan ortgan.
Vazirlik bunga qarshi choralar ishlab chiqdi:
- Zangiota-1 yuqumli kasalliklar shifoxonasida o`tkir respirator virusli infeksiyalarga chalingan bolalar uchun ajratilgan o`rinlar sonini 300 tadan 500 taga oshirish belgilandi.
- So`nggi kunlarda aholidan haroratining ko`tarilishi, yo`tal belgilari bilan chaqiruvlar soni ortgani sababli “103” xizmatiga ertalab soat 06:00 dan 14:00 gacha poytaxt shifoxonalarida zaxirada bo`lgan 40 ta avtomashina qo`shimcha ajratildi.
- Shu yilning 25 noyabridan vazirlik tomonidan tez tibbiy yordam xizmatiga 29 ta to`liq jihozlangan “Isuzu” rusumdagi avtomashinalari tibbiy brigadalar bilan doimiy foydalanish uchun ajratiladi.
- Bugungi kunda poytaxtimizdagi 12 ta ko`p tarmoqli markaziy poliklinika va 72 ta oilaviy poliklinikada ertalab soat 8:00 dan kechki 20:00 gacha bo`lgan muddatda chaqiruv bo`yicha tibbiy brigadalar faoliyati yo`lga qo`yildi.
23.11.2023 19:10
⚡Toshkentda o`tkir respirator virusli infeksiyalarga chalinish holatlari ko`paydi






