O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 22 noyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo`yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.
Vazir al-Gargaviy davlatimiz rahbariga Amirliklar Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon va mamlakat vise-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amiri Shayx Muhammad Ol Maktum hamda vise-prezident Shayx Mansur Ol Nahayonning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.
Suhbatda ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi dolzarb masalalar ko`rib chiqildi. O`zbekiston bilan BAA o`rtasidagi ko`p qirrali aloqalar yuqori sur`atda rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi, qo`shma korxona va loyihalar soni barqaror oshib bormoqda.
Qabul qilingan “yo`l xaritasi” doirasida, shu jumladan davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, boshqaruv kadrlarini tayyorlash va raqamli hukumatni rivojlantirish bo`yicha qo`shma dasturlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Qariyb mingta seminar, forum va o`quv kurslari o`tkazilib, ularda 2 million nafargacha mutaxassisimiz malaka oshirdi.
Uchrashuvda samarali boshqaruv, savdo salohiyatini rivojlantirish, shaharlar infratuzilmasini modernizasiya qilish, yuksak texnologiyalar, sun`iy intellekt va boshqa yo`nalishlarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.






