Joriy yilning 17 noyabr kuni Toshkent aeroportida avtobus samolyot bilan to`qnashib ketdi. Bu haqda Uzbekistan Airways ma`lum qildi.
Xabarda aytilishicha, Toshkent xalqaro aeroportida HY054 Urganch – Toshkent reysini bajarganidan so`ng Uzbekistan Airways aviakompaniyasi mutaxassislari Airbus 320 (ro`yxatdan o`tish raqami UK32022) havo kemasini navbatdagi reysni amalga oshirish uchun tayyorlayotgan vaqtda Toshkent xalqaro aeroporti avtobusining haydovchisi aerodrom hududida harakatlanish qoidalarini buzib, samolyot bilan to`qnashib ketgan. Natijada samolyotning agregatlari harakatlanayotganda havo qarshiligini kamaytirishga yordam beradigan qismi (nosovoy obtekatel) shikastlangan.
Uzbekistan Airways Technics mutaxassislari havo kemasining shikastlangan qismini almashtirish bo`yicha ta`mirlash ishlarini olib bordi. Joriy yilning 18 noyabr kuni havo kemasiga parvozlarga ruxsat berilgan. Soat 14:30 da Airbus A320Neo jadvalga muvofiq parvozlarni amalga oshirishni boshlagan.






