AsosiyJamiyat

O`zbekistonda shaxsga doir ma`lumotlarga ishlov berish tartibi tasdiqlandi

'O`zbekistonda shaxsga doir ma`lumotlarga ishlov berish tartibi tasdiqlandi'ning rasmi

Adliya vazirining "Shaxsga doir ma`lumotlarga ishlov berishning namunaviy tartibini tasdiqlash haqida"gi buyrug`i qabul qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.  

Namunaviy tartib:

  • shaxsga doir ma`lumotlarga ishlov berish va himoya qilish tartibini;
  • shaxsga doir ma`lumotlarga ishlov berish prinsiplari, maqsadlari hamda shartlarini;
  • shaxsga doir ma`lumotlar bazasining mulkdori va (yoki) operatorining huquq va majburiyatlarini belgilaydi.

Mulkdor va (yoki) operator yoxud uchinchi shaxs tomonidan shaxsga doir ma`lumotlarga ishlov berishda quyidagi talablarga rioya qilinishi lozim:

  • shaxsga doir ma`lumotlarga ishlov berishni aniq va oldindan belgilangan maqsadlarda amalga oshirish;
  • shaxsga doir ma`lumotlarga ishlov berishda maqsadlari bir-biriga mos kelmaydigan shaxsga doir ma`lumotlar bazalarini birlashtirishga yo`l qo`yilmaslik;
  • shaxsga doir ma`lumotlarning aniqligi, ishonchliligi, yaxlitligi va butligini ta`minlash;
  • agar shaxsga doir ma`lumotlarni saqlash muddati qonunchilikda yoki sub`ekt bilan tuzilgan shartnomada belgilanmagan bo`lsa, shaxsga doir ma`lumotlarni ularga ishlov berish maqsadlariga erishish muddatidan ortiq bo`lmagan muddatga saqlash;
  • agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo`lmasa, ishlov berilayotgan shaxsga doir ma`lumotlar ishlov berish maqsadlariga erishilgandan so`ng yoki ushbu maqsadlarga erishish zarurati yo`qolgan taqdirda yo`q qilinishi yoki egasizlantirilishini ta`minlash.

Shaxsga doir maxsus ma`lumotlarga ishlov berish uchun sub`ektning roziligi yozma shaklda yoki elektron hujjat tarzida olinishi lozim. 

Ofertada (ommaviy shartnomada) shaxsga doir ma`lumotlarga ishlov berishning maqsadlari aniq ko`rsatilgan taqdirda, ofertani (ommaviy shartnomani) qabul qilish (tasdiqlash) sub`ektning shaxsga doir ma`lumotlarga ishlov berishga roziligi deb hisoblanadi.

Sub`ektning mulkdor va (yoki) operatorning xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan talab va shartlarga rozilik berishi mulkdor va (yoki) operator tomonidan sub`ektning shaxsga doir ma`lumotlariga ishlovga berishga roziligi hisoblanadi. 

Sub`ekt yoki uning qonuniy vakili shaxsga doir ma`lumotlarga ishlov berish to`g`risidagi roziligini istalgan vaqtda qaytarib olish huquqiga ega.

Shaxsga doir ma`lumotlarga ishlov berish uchun sub`ektning roziligi bilan quyidagi ma`lumotlar ko`rsatilishi lozim:

  • operatorning nomi, STIRi (jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, JShShIR);
  • sub`ektning familiyasi, ismi va otasining ismi, shaxsini tasdiqlovchi hujjat ma`lumotlari;
  • shaxsga doir ma`lumotlarga ishlov berish maqsadlari;
  • sub`ektning ishlov berishga rozilik berilayotgan shaxsga doir ma`lumotlari ro`yxati;
  • shaxsga doir ma`lumotlarga ishlov berishga rozilik amal qiladigan muddat yoki davr;
  • shaxsga doir ma`lumotlarni uchinchi shaxslarga berish va (yoki) ushbu ma`lumotlarni transchegaraviy uzatishga roziligi;
  • shaxsga doir ma`lumotlarni hamma foydalanishi mumkin bo`lgan manbalarda tarqatishga roziligi;
  • boshqa ma`lumotlar.

Tarixiy, statistik, sosiologik, ilmiy tadqiqotlar o`tkazish uchun shaxsga doir ma`lumotlarga ishlov berilayotganda mulkdor va operator, shuningdek uchinchi shaxs bu ma`lumotlarni egasizlantirishi shart. Shaxsga doir ma`lumotlarni egasizlantirish uchun sub`ektning roziligini olish talab etilmaydi.

Shaxsga doir ma`lumotlarni egasizlantirish shaxsga doir ma`lumotlarni tiklash imkoniyatini istisno qiladi.

Shaxsga doir ma`lumotlar mulkdor va (yoki) operator, shuningdek uchinchi shaxs tomonidan quyidagi hollarda 3 kun ichida yo`q qilinishi lozim:

  • shaxsga doir ma`lumotlarga ishlov berish maqsadiga erishilganda;
  • sub`ektning shaxsga doir ma`lumotlarga ishlov berish uchun berilgan roziligi chaqirib olinganda;
  • shaxsga doir ma`lumotlarga ishlov berishning sub`ekt bergan rozilik bilan belgilangan muddati o`tganda;
  • sudning qarori qonuniy kuchga kirganda.

Davlat organlari tomonidan shaxsga doir ma`lumotlar so`rab olinganda, shaxsga doir ma`lumotlar sub`ektiga bu haqida xabarnoma yuboriladi (bundan davlat siri va qonunchilikka muvofiq foydalanish cheklangan ma`lumotlarni o`z ichiga olgan holatlar mustasno).

Xo`jalik birlashmalari, davlat tashkilotlari va muassasalari, nodavlat tashkilotlarga shaxsga doir ma`lumotlar uning sub`ekti roziligi bilan taqdim etiladi.
 

    Boshqa yangiliklar