Yig`ilishda kadastr sohasi uchun kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish muhim vazifalardan biri bo`lib qolayotgani ta`kidlandi.
Kadastr sohasida 9 mingdan ortiq mutaxassis ishlaydi. Lekin bugungi kunda sohaga kadr tayyorlayotgan 10 ta oliygohdagi o`qitish sifati zamondan orqada qolgani qayd etildi.
Ularda fakultet va kafedralar tushunib-tushunmasdan ochilgani, o`quv dasturlari va ta`lim metodikalari eskirgani aytildi.
Shu bois, 10 ta oliygoh rektorlariga Kadastr agentligi bilan birgalikda kelgusi yilda zamonaviy laboratoriyalar tashkil qilish, yangi o`quv adabiyotlari va xorijdan malakali mutaxassislarni olib kelishga ko`rsatma berildi.
Yig`ilish kun tartibidagi asosiy masalalardan tashqari Prezident vazirlik, hokimlik va idoralardagi ijro intizomi holatiga to`xtalib o`tdi.
"Ko`rib turibsizlar, Yangi O`zbekistonni barpo etish yo`lida juda katta islohotlarni amalga oshirayapmiz. Hech bir soha e`tibordan chetda qolayotgani yo`q.
Lekin, islohotlar "qog`ozda" qolib ketmasligi kerak. Vazirlik va tarmoq rahbarlari, hokimlar joylarda ularning ijrosini so`zsiz ta`minlashi shart", - dedi davlatimiz rahbari.
Muhim topshiriqlar ijrosida sustkashlikka yo`l qo`yilayotgani, ba`zi rahbarlar raqam ortidan quvib, sifat, samaradorlik va talabchanlikni unutib qo`yayotgani qayd etildi.
Ayrim vazirlar va hokimlarga ularning tizimi va hududlarida ijro holati qoniqarli emasligi ko`rsatib o`tildi.
Ijro intizomini qattiq nazorat qilish, xorijiy davlatlar bilan ko`p qirrali hamkorlik bo`yicha tasdiqlangan “yo`l xaritalari”ning birorta bandi ijrosini kechiktirmasdan ta`minlash shartligi haqida ogohlantirildi.
Yig`ilish davomida mutasaddilarning axboroti tinglandi.






