Prezident tomonidan imzolangan qonun (O`RQ–874-son, 31.10.2023 y.) bilan Jinoyat hamda Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodekslarga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga kiritilgan o`zgartirishga ko`ra:
Nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o`rtasida, shu jumladan nikoh yoshiga etmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish:
➖BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 950 ming so`mdan 9 mln 900 ming so`mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo`lib yashashni targ`ib qilish, ushbu mazmundagi qarashlarni, g`oyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish, shuningdek bunday xatti-harakatlarni rag`batlantirish:
➖BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 950 ming so`mdan 9 mln 900 ming so`mgacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma`muriy qamoqqa olishga sabab bo`ladi.
Jamoat joylarida shaxsini identifikasiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to`sgan holda bo`lish BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln 300 ming so`mdan 4 mln 950 ming so`mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Tibbiy ko`rsatmaga asosan yoki yo`l-transport harakatida xavfsizlikni ta`minlash uchun kiyiladigan maxsus bosh kiyimda yoxud mehnat va xizmat faoliyati bilan bog`liq hollarda yuzini to`sgan holda bo`lish yoki sport va madaniy tadbirlarni o`tkazish vaqtida ushbu tadbirlar ishtirokchilarining yuzini to`sgan holda bo`lishi, shuningdek qonunchilikda to`g`ridan-to`g`ri ruxsat etilgan boshqa holatlarda yuzini to`sgan holda bo`lish bundan mustasno.
Jins bo`yicha kamsitishni targ`ib qilish, shu jumladan xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etish, ushbu mazmundagi qarashlarni, g`oyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish, xuddi shuningdek bunday xatti-harakatlarni omma oldida oqlash va (yoki) rag`batlantirish:
➖BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha (3 mln 300 ming so`mdan 6 mln 600 ming so`mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.






