27 oktyabr kuni Riga shahrida O`zbekiston elchisi Qadambay Sultonov, Latviya Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi o`rinbosari Anjeys Vilumsons, davlat idoralari va biznes vakillari ishtirokida O`zbekiston Faxriy konsulligining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda Dunyo AA muxbiri xabar bermoqda.
Rigadagi O`zbekiston Savdo uyi rahbari, "Outdoo Media" kompaniyasi asoschisi va direktori Vladimir Galperin O`zbekiston faxriy konsuli etib tayinlandi. Tantanali tadbirda unga tegishli konsullik patenti topshirildi.
Bu O`zbekistonning Baltiyadagi birinchi Faxriy konsulligidir.
Yangi faxriy konsul Latviyada bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga ko`maklashish, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, latviyalik sarmoyadorlar va sayyohlarni respublikamizga jalb etish, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Latviya va boshqa Baltiya davlatlari bozorlariga eksportini ko`paytirish jarayonlarida faol ishtirok etadi. Shuningdek, mehnat migrasiyasini tartibli tashkil etish, madaniy-gumanitar va boshqa aloqalarni rivojlantirishga ko`maklashadi.
Marosimda Riga shahrida O`zbekistonning Faxriy konsulligining ochilishi hamda Toshkentda Latviya investisiyalar va taraqqiyot agentligi vakolatxonasining faoliyatini boshlashi O`zbekiston va Latviya o`rtasidagi savdo-sarmoyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik asoslarini mustahkamlashga katta hissa qo`shishi alohida ta`kidlandi.
Hozirgi kunda xorijda mamlakatimizning 30 ga yaqin Faxriy konsulliklari faoliyat ko`rsatmoqda.






