Farg`ona viloyatining Qo`qon shahrida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelgan mayning ferma aniqlandi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, bu “Farg`ona HETK” AJ hamda tegishli tashkilotlar vakillari hamkorligida iste`molchilarning noqonuniy elektr energiyasidan foydalanishlarini oldini olish maqsadida Qo`qon shahrida o`tkazilgan tungi reyd davomida aniqlangan.
Shaharning “Achchiqko`l” mahalla fuqarolar yig`ini hududida joylashgan parrandachilik sexida fuqaro M.N. elektr hisoblagichsiz, o`zboshimchalik bilan mayning qurilmalari, sovutish va yoritkich moslamalari hamda boshqa elektr qurilmalarini to`g`ridan-to`g`ri elektr tarmog`iga ulagan holda, noqonuniy foydalanib kelayotgani ma`lum bo`lgan hamda mazkur holat bo`yicha dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Dastlabki qayta hisob-kitoblarga ko`ra, M.N. tomonidan “Farg`ona HETK” AJ manfaatiga 2,8 million kVt. yoki 2,5 milliard so`m zarar etkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan prezidentning tegishli qarorlariga asosan noqonuniy foydalanilgan mayning fermalariga nisbatan 5 barobar o`suvchi koeffisient qo`llanib, 12,3 mlrd so`m mablag` undirishga hujjatlar rasmiylashtirildi. Huquqbuzarga 5 barobar o`suvchi koeffisient bilan jarima tariqasida 9,9 milliard so`m qo`shimcha hisob-kitob qilindi.
Hozirda tegishli tashkilotlar tomonidan mazkur holat yuzasidan o`rganishlar olib borilmoqda.






