Sardor Mamadalievdan "Qarg`ish" she`ri muallifi foydasiga mualliflik huquqini buzgani uchun 66 mln so`m tovon puli undiriladi.
Yurist Bahodir Ahmedovning xabar berishicha, Yakkasaroy tumanlararo fuqarolik sudi 15 sentyabr kungi hal qiluv qaroriga ko`ra da`vogar Jo`raev Asadulla Jumaevich javobgar Mamadaliev Sardor Ma`rupovichni sudga bergan.
Da`voga ko`ra hammaga ma`lum bo`lib ommalashgan “Qarg`ish” she`ri asosida javobgar S. Mamadaliev tomonidan kuylanib kelingan “Ota-onamning duosi” nomli qo`shiqning she`ri muallifi da`vogar A.Jo`raev hisoblanishi keltirilgan. “Qarg`ish” nomli she`r da`vogar tomonidan 1990 yilda yozilganligi va isbot sifatida 1990 yil “Sharq yulduzi” jurnalining 9-sonida ilk bor bosib chiqilganligini bildirgan.
Shoir bir necha bor qo`shiqchiga qilgan murojaatlariga qaramay qalam haqi berilmaganligi, uni ovora qilganligini, mualliflik huquqlarini buzganligi uchun suddan BHM 400 baravari (132 mln so`m) tovon puli, 50 mln. so`m ma`naviy zarar undirishni so`ragan.
Sud majlisiga bir necha bor chaqirilganligiga qaramay Sardor Mamadaliev sud majlisiga kelmagan. Sudda qatnashgan Adliya vazirligi Intellektual mulk departamenti mutaxassisi ham ushbu holat o`rganilgani, she`r shoirga tegishli ekanligini bildirgan.
Sud taraflarning ko`rsatmalari, dalillarni o`rganib Sardor Mamadaliev Ma`rupovichdan Jo`raev Asadulla Jumaevich foydasiga BHM 200 baravari (h.v. - 66 mln so`m) tovon puli, 15 mln so`m ma`naviy zarar, 3,3 mln so`m davlat boji undirishga qaror chiqargan.






