Qirg`iziston prezidenti Sadir Japarovning jiyani Ulan Japarov uy qamog`iga olindi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.
Ichki ishlar vazirligi tergovchisi Ulan Japarovga nisbatan 26 noyabrga qadar ehtiyot chorasini o`zgartirishni so`ragan. Bungacha prezidentning jiyani 21-sonli axloq tuzatish muassasasida saqlanayotgandi.
Sadir Japarovning qarindoshi Qirg`iziston Jinoyat kodeksining “Korrupsiya” moddasi bo`yicha ayblanmoqda. Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi tergov xizmati tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Ma`lumotni Qirg`iziston prezidenti matbuot xizmati rahbari Dayirbek Orunbekov ham tasdiqlagandi.
“Sadir Japarov avvalroq tanish-bilish va qarindosh-urug`ligidan qat`i nazar, har kim o`z qilmishi uchun qonun bo`yicha javob berishi haqida ogohlantirgandi”, — degan Orunbekov.






