AsosiyJamiyat

Endilikda bir shaxs O`zbekistonga xorijdan olib kelgan ikkita mobil qurilmani bojxona to`lovlarisiz ro`yxatdan o`tkazishi mumkin

'Endilikda bir shaxs O`zbekistonga xorijdan olib kelgan ikkita mobil qurilmani bojxona to`lovlarisiz ro`yxatdan o`tkazishi mumkin'ning rasmi

Jismoniy shaxslar xorijdan o`zi bilan ikkita mobil qurilmani olib kirish imkoniyati yaratilib, UzIMEI tizimida ro`yxatga olishda shaxsni biometrik identifikasiya (FaceID) qilish tizimi joriy etildi.

2019 yil Hukumat qarori bilan mobil qurilmalarni ro`yxatga olish amalga oshirib kelinayotgan edi. Mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish, fuqarolarga qulay sharoit yaratish hamda mobil qurilmalarning noqonuniy ro`yxatga olinishining oldini olish orqali jismoniy shaxslarning huquqlarini himoya qilish maqsadida Hukumatimizning yana bir qarori qabul qilindi.

Unga ko`ra, jismoniy shaxslar hamda chet el fuqarolari uchun mobil qurilmalarini ro`yxatdan o`tkazish jarayonida bir qator qulayliklar yaratilmoqda. Birinchidan, jismoniy shaxslar xorijdan o`zi bilan olib kirgan ikkita mobil qurilma (telefon)ni bojxona to`lovlarisiz ro`yxatdan o`tkazishi imkoniyati yaratildi.

Bungacha fuqarolar tomonidan faqat bir dona xorijdan o`zi bilan olib kelgan telefonni bojxona to`lovlarisiz ro`yxatdan o`tkazishga ruxsat berilgan edi. Ikkinchidan, endilikda telefonlarni ro`yxatga olishda fuqarolarning shaxsiy ma`lumotlaridan o`zga shaxslar tomonidan foydalanish imkoniyatilariga barham beriladi.

Telefonlarni UzIMEI tizimida ro`yxatga olishda masofadan turib (onlayn) shaxsni biometrik identifikasiya (FaceID) qilish joriy etildi. Ushbu qulaylik orqali fuqarolarning shaxsga doir ma`lumotlaridan o`zgalar foydalanishining oldi olinadi. Mazkur texnologiya yordamida jismoniy shaxs o`ziga tegishli mobil qurilmalarni ro`yxatga olishni o`zining biometrik ma`lumotlaridan foydalangan holda onlayn tarzda amalga oshiradi. Bunda, jismoniy shaxs IMEI kodlarini ro`yxatga olishni rasmiy veb-sayt (uzimei.uz), Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va uning mobil talqini hamda tizim ro`yxatga oluvchilariga bevosita murojaat qilgan holda biometrik identifikasiya orqali amalga oshirishi mumkin.

Endilikda mazkur texnologiya jismoniy shaxlarning bevosita ishtirokida mobil qurilmalarni ro`yxatga olish imkoniyatini yaratadi hamda bu orqali ularning huquqlarini himoya qilish va noqonuniy ro`yxatga olish holatlarining oldini olishga asos bo`ladi. Uchinchidan, yurtimizga xizmat safari yoki turizm uchun kelayotgan xorijiy fuqarolar mobil qurilmalaridan ro`yxatdan o`tkazmasdan foydalanish davri amaldagi 30 kalendar kunidan 60 kalendar kunigacha uzaytirildi.

Ushbu qulaylik yaratilishi natijasida yurtimizga tez-tez keluvchi chet el fuqarolari o`z telefonlaridan O`zbekiston hududida 2 oygacha foydalanishlari mumkin bo`ladi. O`zbekiston Respublikasida investisiya loyihalari doirasida jalb etilayotgan chet el mutaxassislarining bir oydan ortiq muddatda mamlakatimiz hududida bo`lishi mobil qurilmalardan foydalanish muddatini uzaytirishni taqozo etmoqda.

Shu bilan birga, fuqarolar tomonidan har bir olib kirilayotgan mobil qurilma bojxona chegarasini kesib o`tishda deklarasiyalanishi hamda deklarasiya natijasi bo`yicha mobil qurilmalarni ro`yxatga olish tizimiga integrasiya qilinishi ular tomonidan qonuniy olib kirilishiga asos bo`ladi. Bu bilan noqonuniy xatti-harakatlarning oldi olinishiga erishiladi. Buning natijasida fuqarolar o`zi bilan olib kirgan qo`shimcha ikkinchi mobil qurilmani UzIMEI tizimida muammosiz ro`yxatdan o`tkazishi mumkin bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar