Mamlakatimizda ekologik vaziyatni yaxshilash va qulay ekologik holatni barqaror saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilishning samarali mexanizmlari yaratish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan O`zekiston Respublikasining Prezidentining “Atrof-muhitni, aholi salomatligini zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlar ta`siridan muhofaza qilish sohasini tubdan takomillashtirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar bermoqda.
Respublikamizda zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlar bilan bog`liq murojaatlar statistikasi yuritilmasada, so`nggi paytlarda OAVlarda aholi yashash hududlarida zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlar atrof-muhitga ko`p chiqarilayotganligi, bu maishiy turmushda turli noqulayliklarni, va hatto aholi sog`lig`iga salbiy ta`sirlarni yuzaga keltirayotganligi haqidagi fuqarolarning shikoyatlari ko`paymoqda.
Shu bilan birga, zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlarga qarshi kurashish masalalarini kompleks tartibga soluvchi yagona huquqiy hujjat mavjud emas.
Amaldagi sanitariya qoidalari va me`yorlarida ayrim shovqinlarga oid normalar belgilangan. Biroq, yorug`lik shovqinlari va hidlar bo`yicha sanitariya qoidalari va me`yorlari mavjud emas. Masalan, sanitariya qoidalari va me`yorlarida elektron displeyli (led, oled, 3D) tashqi reklama ob`ektlarining yorug`lik me`yorlari belgilanmagan hamda undagi yorqin ranglarning inson sog`ligiga salbiy ta`siri, namoyish etish davriyligi bo`yicha normativlar keltirilmagan.
Davlat organlarining zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlarga qarshi kurashish va ularni oldini olish sohasidagi vazifalarining aniq chegaralari belgilanmaganligi mazkur sohani tartibga solishda qiyinchilik tug`dirmoqda.
Yuqorida nazarda tutilgan muammolarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan Loyihada quyidagilarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda:
a) Zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlarni atrof-muhitga va aholi salomatligiga bevosita zarar etkazuvchi zararli manbalar deb e`tirof etish;
b) “Tungi vaqt”ni – soat 23-00 dan soat 6-00 ga qadar bo`lgan vaqt, “shovqinsiz davr”ni – ish kunlarida soat 23-00 dan soat 7-00 ga qadar hamda dam olish va bayram kunlarida soat 21-00 dan soat 8-00 qadar bo`lgan vaqt etib belgilash;
v) 2024 yil 1 yanvardan boshlabtungi vaqt va shovqinsiz davr mobaynida quyidagilarni taqiqlash:
– turar joylarda va aholi punktlarida tashqi va ichki manbalardan ruxsat etilgan shovqin darajasidan ortiq shovqinlarni hosil qilish, shuningdek ruxsat etilgan shovqin darajasiga muvofiq, lekin aholiga sezilarli notinchlik tug`diruvchi doimiy bo`lgan yoki doimiy bo`lmagan shovqinlarni chiqarish;
– aholi punktlarida va joylashtirish vositalarida daraxt kesuvchi, maysa va o`tlarni o`ruvchi, avtomototransport vositalari hamda boshka jismlarni avtomatik ravishda yuvuvchi elektr va benzin dvigatellar yordamida ishlaydigan moslamalardan foydalanish;
– aholi punktlarida avtomototransport vositalari, shu jumladan, tezkor va maxsus xizmatlarning ko`k yoki qizil yoxud ko`k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi mayoqchalar yoqilgan transport vositalari tomonidan tovush chiqarish moslamalaridan foydalanish;
– aholi punktlarida ochiq osmon ostida ko`ngilochar-tomosha tadbirlarini (musiqiy, konsert, sport, reklama va boshqalar) o`tkazish;
– yakka tartibdagi uy-joy va ko`p kvartirali uylarda qurilish va ta`mirlash ishlarini amalga oshirish, bundan avariya holatlarini bartaraf etish hollari mustasno (elektr, gaz, issiqlik hamda ichimlik suvi ta`minoti bilan bog`liq, shuningdek, fuqarolarning hayoti, sog`lig`i yoki mulkiga xavf-xatar tug`dirishi mumkin bo`lgan boshqa favqulodda holatlar);
d) “Zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlar yagona geoaxborot portali” tizimini yaratish hamda mas`ul xodimlarni tizimdan foydalanish bo`yicha o`qitish;
e) Hidlar va yorug`lik shovqinlari bo`yicha sanitariya normalari va qoidalarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
yo) atmosfera havosini ifloslanishini oldini olish maqsadida bino va inshootlarni qurish, ta`mirlash va buzish ishlarida changning chiqishi va atrof-muhitga tarqalishini oldini olish imkonini beradigan zamonaviy suvni purkaydigan (mikroklimat) texnologiyalarini joriy etish choralarini ko`rish.
Xulosa o`rnida aytish mumkinki, qonunchiligimizda aholining qulay tabiiy muhitda hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularning salomatligi va osoyishtaligini har qanday zararli shovqinlar ta`siridan himoya qilish borasida samarali huquqiy mexanizmlar yaratish kelgusida zararli shovqinlarga oid yuzaga keladigan masalalarning aniq tartibi belgilanadi.






