Joriy yilning 24 oktyabr kuni Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlari faoliyatida ochiqlikni ta`minlash masalalari qo`mitasining yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining matbuot xizmati xabar berdi.
Yig`ilishda Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalar ham muhokama qilingan.
So`nggi paytlarda O`zbekistonda ham internet orqali mobil qurilmalar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardagi akkaunt yoki kanallarni bloklash holatlari tez-tez uchrab turibdi. Bu ko`pincha zararli dasturlarni yuborish, shaxsiy ma`lumotlarni o`chirish, o`zgartirish yoki tahdid qilish orqali pul ishlab olish va boshqa moddiy manfaatlarni ko`zlash natijasida yuzaga kelmoqda.
Shu bilan birga, odamlarning fotosuratlari, ovozlari va boshqa biometrik ma`lumotlarini turli dasturlar yordamida soxtalashtirish holatlari ko`p uchrayapti.
Bu kabi huquqbuzarliklarni sodir etayotganlar uchun jazoni kuchaytirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga o`zgartishlar kiritilyapti.
Shuningdek, Jinoyat kodeksi va Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks kripto-aktivlarning noqonuniy muomalasi, jumladan, noqonuniy mayning faoliyati uchun ham jazoni kuchaytiradi.
Yig`ilishda senatorlar qonun qabul qilingandan keyin huquq-tartibot organ xodimlari aholi va jamoatchilik o`rtasida mazkur masalalar doirasida targ`ibot ishlarini kuchaytirishni ta`kidlashgan.
Qonun loyihasi yuqori palataning keyingi yalpi majlislaridan birida ko`rib chiqiladi.






