AsosiyJamiyat

Suv korxonalari elektrining bir qismi “yashil energiya”ga o`tkaziladi

'Suv korxonalari elektrining bir qismi “yashil energiya”ga o`tkaziladi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 23 oktyabr kuni hududlarda ichimlik suvi ta`minoti va oqova suv tizimini yaxshilash, oziq-ovqat ekinlarini ekish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan hududiy va ijtimoiy dasturlarda ichimlik suvi ta`minoti alohida o`rin egallaydi. Bu borada xizmat sifatli va doimiy bo`lishi uchun narx mutanosibligi muhim.

Tahlillarga qaraganda, bugungi kunda 1 kub metr ichimlik suvi tannarxi Toshkent shahrida 448 so`m bo`lgani holda Namanganda qariyb 3 ming so`mni, Samarqand va Navoiyda 2 ming 600 so`mni tashkil qiladi.

Suv ishlab chiqarish tannarxida elektr energiyasi ulushi respublika bo`yicha o`rtacha 27 foiz. Lekin Farg`ona, Namangan va Toshkent viloyatida bu ko`rsatkich yuqori.

Ma`lumki, yurtimizda muqobil energiyadan foydalanishni kengaytirish maqsadida korxona, tashkilot va aholi xonadonlarida quyosh panellari o`rnatilmoqda. Lekin, yiliga 880 million kilovatt-soat elektr iste`mol qiladigan suv ta`minoti korxonalarining bu boradagi ishi sezilarli emas.

Davlatimiz rahbari viloyat hokimlariga ichimlik suvi tannarxini arzonlashtirish vazifasini qo`yar ekan, bunda eng katta manba suv korxonalari ishlatadigan elektrning bir qismini “yashil energiya”ga o`tkazish ekanini ta`kidladi.

Masalan, hozirda suv korxonalari 1 kilovatt-soat elektrni 900 so`mdan sotib olayapti. Quyosh stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr narxi esa o`rtacha 350-400 so`m, ya`ni 2 barobardan ziyod arzon. Investorlarni jalb qilib, suv inshootlari atrofidagi bo`sh maydonlarda quyosh panellari o`rnatish mumkin.

Shuningdek, eskirgan ichimlik suvi nasoslarini energiya tejamkoriga almashtirish zarurligi aytildi.

Suv bo`yicha loyihalar qiymatini qayta ko`rib chiqish, ularda ishlatiladigan materiallarni mahalliylashtirish imkoniyatlari ko`rsatib o`tildi.

Sohadagi yangi loyihalar bundan buyon bevosita joylarga chiqib, aholining fikri va roziligi olinganidan keyin mahalliy kengashlarda muhokama qilinishi belgilandi. Loyihaga qancha mablag` ajratilgani, pudratchisi qaysi korxona ekani, qachon ishga tushishi bilan bog`liq barcha ma`lumotlar e`lon qilib boriladi. Shu orqali bu borada ham jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.

Yig`ilishda bog` va tok qator oralariga ekin ekish tadbirlariga ham to`xtalib o`tildi.

Yurtimizda 331 ming gektar bog` va 153 ming gektar tokzor bor. Ularda qator oralaridagi erlarga piyoz, sarimsoq, sabzi, bahor oylarida eryong`oq, kartoshka, pomidor va bodring ekilsa, bozorlarimizga qo`shimcha mahsulot, aholiga daromad bo`ladi.

Shu bois viloyatlarda yil yakunigacha 92 ming gektarga to`qsonbosti usulida sabzavotlar ekish, bunga urug`lik va suv etkazib berish chora-tadbirlari belgilandi. Qishloq xo`jaligi vazirligi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari iqlimga mos ekin turlari, agrotexnikasi bo`yicha ilmiy tavsiyalar berib boradi.

Belgilangan chora-tadbirlar suv xo`jaligi sohasining barqaror ishlashi va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga, pirovardida halqimiz farovonligini oshirishga qaratilgani qayd etildi.   

Yig`ilishda soha mutasaddilari va viloyat hokimlarining kun tartibidagi masalalar bo`yicha hisobotlari tinglandi.

    Boshqa yangiliklar