AsosiyJamiyat

“Jarimalarni bir necha karra ko`tarib, magistral yo`llarda tezlikni 80 km/soatgacha cheklash kerak”. Spiker o`rinbosari taklif bilan chiqdi

'“Jarimalarni bir necha karra ko`tarib, magistral yo`llarda tezlikni 80 km/soatgacha cheklash kerak”. Spiker o`rinbosari taklif bilan chiqdi'ning rasmi

Sal avval, Toshkent viloyatida 6 ta mashina ishtirokida YTH sodir bo`lgani xabar qilingan edi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spekiri o`rinbosari Odiljon Tojiev ushbu hodisa misolida ayni paytdagi yo`llardagi vaziyatga munosabat bildirib, bu borada javobgarlikni yanada kuchaytirishni taklif qildi:

“Shaxsiy fikrimcha, bunday vaziyatning yuzaga kelishi avtotransport boshqarish “madaniyat”imizdan dalolat. Kengroq ma`noda esa, ming afsus, jamiyatimizda sinizm deb atalmish fenomenning keng tomir otayotganidan nishon.

Qoidabuzarlik uchun jazoning muqarrarligi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo`lyapti. Mana, misol uchun, poytaxtimizda radarlar va svetoforlar o`rnatilgan ko`chalarda YTHlarning keskin kamaygani qayd etilyapti. Menimcha, mamlakatimiz bo`ylab haqiqiy, xalqaro me`yorlardagi avtostradalar qurilgunigacha hozirgi magistral yo`llarimizda tezlikni 80, 90 km/soatgacha cheklab, qo`shimcha fotoradarlar o`rnatilsagina bosar-tusarini bilmaydigan “lixach”larimizni tarbiyalasak bo`ladi. Ular to`laydigan jarimalarni ham dadil, qo`rqmasdan bir necha karra ko`tarsak, xalqimiz bunday qarorlarni faqat olqishlagan bo`lardi nazarimda. “Xalqimiz” tushunchasiga qonun-qoidaga itoatkor haydovchilarimizni ham qo`shgan bo`lardim. Negaki, “o`pkasi shishgan shumaxerlar”dan, bir narsadan quruq qolayotgandek orqadan “taqab” keladigan “ta`qibchilar”dan ular ham bezor.

Insoniyat tarixi shuni o`rgatadiki, odamlar umumiy qoida va qonunlarni nazar-pisand qilmay qo`ysa, qonunbuzarlik uchun jazolarni keskin kuchaytirishgina samara bergan. Ayniqsa, qonun, qonun ustuvorligi, qonunga itoat madaniyati endi-endi shakllanib kelayotgan jamiyatlarda.

Bir so`z bilan aytganda, yo`llarimizdagi boshboshdoqlikka chek qo`yish, odamlar hayotiga zomin bo`layotgan YTHlarga barham berishni ko`zlab, yo`l harakati qoidalarini buzganlik uchun jazolarni keskin kuchaytirsak, jazoning esa muqarrarligini (zamonaviy texnik vositalar yordamida) qat`iy ta`minlasak maqsadga muvofiq bo`lar edi”, - deydi Tojiev. 

    Boshqa yangiliklar