AsosiyDunyo

Qohirada Falastin–Isroil mojarosi yuzasidan yig`ilgan davlat rahbarlari yakuniy qaror qabul qila olmadi

'Qohirada Falastin–Isroil mojarosi yuzasidan yig`ilgan davlat rahbarlari yakuniy qaror qabul qila olmadi'ning rasmi

Misr poytaxti Qohirada Falastin—Isroil mojarosini hal qilishga qaratilgan “tinchlik sammiti” bo`lib o`tdi. Biroq uning ishtirokchilari yakuniy bayonot qabul qila olmadi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

 

Evropa, Arab va Afrikaning o`nlab davlatlaridan rahbarlar, tashqi ishlar vazirlari va diplomatlar ishtirok etgan Qohira sammitda yakuniy qaror qabul qilinmadi. Ishtirokchilar o`rtasidagi kelishmovchilikka qator davlatlar faqat bir tomonni qoralashda turib olgani sabab bo`lgan.

The New York Times manbalarining qayd etishicha, Evropa etakchilari Isroilning HAMASdan himoyalanish huquqi qayd etilmagan qo`shma deklarasiya loyihasini imzolay olmasliklarini oldindan bilgan holda tashrif buyurgan.

Falastin ma`muriyati rahbari Mahmud Abbos sammit ishtirokchilariga falastinliklar “o`z yurtlaridan quvib chiqarilmasligini” aytdi. O`z navbatida Fransiya G`azoga gumanitar koridor yaratishga chaqirdi, bu esa o`t ochishni to`xtatishga olib kelishi mumkin. Reuters’ning qayd etishicha, Britaniya va Germaniya Isroil harbiylarini bosiqlikka chaqirdi, Italiya esa vaziyatning yanada avj olishiga yo`l qo`ymaslik muhimligini bildirdi.

Sammitga AQShdan faqat AQShning Misrdagi muvaqqat ishlar vakili tashrif buyurgan bo`lib, u ishtirokchilar oldida chiqish qilmadi. Evropa kengashi rahbari Charlz Mishel sammitning asosiy maqsadi “bir-birlarini o`zaro tinglash” bo`lganini qayd etgan.

Isroildan esa vakillar ishtirok etmagan. Reuters va The New York Times ushbu uchrashuvga Isroil vakillari taklif qilinganmi yoki yo`qmi, aniqlik kiritmagan. Shu bilan birga, Haaretz gazetasi isroillik siyosatchilar sammitda ishtirok etmasliklarini “aniq-tiniq bildirgan”ini yozgan.

    Boshqa yangiliklar