AsosiyJamiyat

Nima uchun O`zbekistonda turizmni rivojlantirishga katta e`tibor qaratilyapti?

'Nima uchun O`zbekistonda turizmni rivojlantirishga katta e`tibor qaratilyapti?'ning rasmi

Aholi orasida“Nima uchun turizmni rivojlantirishga katta e`tibor qaratayapmiz?” degan savol tug`ilishi mumkin. Mutaxassislarning qayd etishicha, sohaga kiritilgan 1 dollar investisiya 3-4 marta ko`p daromad keltiradi.

Turizm sohasida yaratilgan 1 ta yangi ish o`rni, boshqa sohalarda yana 2 ta ish o`rni paydo bo`lishiga turtki beradi.

Davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek: jazirama issiq va izg`irin sovuqda, hamma paxtaga majburiy safarbar etilgan yillarda ham, O`zbekiston paxta tolasining eksporti 1 milliard dollardan oshmagan. Hozirgi kunda turizm eksporti bu marradan oshib o`tdi. Agar uni 3-4 barobar oshirsak, jaydari qilib aytganda, “paxta ekmasak” ham bo`laveradi.

Mutaxassislarning ta`kidlashicha, turizmda topilgan daromadning 30 foizi odamlarning qo`liga ish haqi bo`lib boradi, sanoatda va boshqa tarmoqlarda bu 10 foizdan oshmaydi. Shuning uchun, ko`p davlatlar sayyoh jalb qilishning yangi-yangi yo`llarini izlayapti.

Shuni inobatga olgan holda, chet ellik turistlarning mamlakatimizga sayyoh bo`lib kelishini ta`minlash va xorijiy turistlarning oqimini ko`paytirish maqsadida so`nggi islohotlar sharoitida viza rejimining liberallashtirilishiga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Xorijiy davlatlardan tashrif buyuruvchilar uchun viza rejimi soddalashtirildi, xususan, ayni paytda 93 ta xorijiy davlatlar fuqarolari uchun vizasiz kirish, 56 ta davlat uchun elektron kirish vizasi, 47 ta davlat uchun besh kunlik tranzit vizasiz kirish, shuningdek, 76 ta davlat uchun turizm vizalar berishning engilashtirilgan tartibi belgilandi.

55 yoshga to`lgan va turizm maqsadida 30 kundan ortiq bo`lmagan muddatga respublikaga keluvchi XXR, AQSh va Vetnamning fuqarolari uchun vizasiz kirish rejimi joriy qilindi.

Shuningdek, “Vatandosh”, “Student visa”, “Academic visa”, “Medical visa” va “Pilgrim visa” kabi yangi kirish viza turlari belgilandi.

Amalga oshirilgan islohotlar natijasida, xorijiy turistlar soni 2016 yilda 1,3 mln. nafar bo`lsa, 2022 yilda 5,2 mln. nafarni tashkil etdi. 2023 yil 8 oyda yurtimizga xorijdan 4,3 million turist keldi.

Mamlakatimizga uzoq davlatlardan kelayotgan turistlar oqimi 3-4 barobar oshdi. Misol uchun, bu yil Hindistondan – 3,5 baravar (25 ming), Yaponiyadan – 5 baravar (7 ming), AQShdan – 2 baravar (14 ming), Italiyadan – 3,5 baravar (17 ming) sayyoh ko`paydi.

Shuningdek, har bir xorijiy turistning respublika hududida bevosita sayohat xarajatlaridan tashqari sarflaydigan o`rtacha mablag` summasi 2017 yilda 197 AQSh dollarini tashkil qilgan bo`lsa, bu ko`rsatkich 2022 yilda 309, 2023 yilda esa 330 AQSh dollariga etdi va turizm eksporti hajmi 1,6 mlrd dollar bo`ldi (2017 yilda 531 mln dollar bo`lgan). 2023 yil 8 oyda – 1,4 milliard dollar tushum bo`ldi.

Turistlarning o`rtacha qolish kuni 4-5 kunni tashkil etib, o`tgan yilning mos davri (3 kun)ga nisbatan 1,5 baravarga ortdi.

Pandemiya, dunyodagi murakkab vaziyatga qaramasdan, mamlakatimizda o`tgan 6 yarim yilda (2017 yil 2023 yil iyun) turizm xizmatlari 2,5 barobar o`sib, xorijiy turistlar soni 5 million nafardan oshdi (2016 yilda 2 million nafar bo`lgan). Turizm eksporti 430 milliondan 1 milliard 600 million dollarga ko`paydi (o`sish – 4 barobar). 2023 yida turizm eksporti 2 milliard dollarga etkazish kutilmoqda.

Shuni ta`kidlab o`tish joizki, xalqaro ekspertlarning e`tirof etishicha, qisqa vaqt ichida O`zbekiston xalqaro darajada “yopiq” davlatdan “eng ochiq” mamlakatlardan biriga aylandi.

Amalga oshirilgan isloxotlar natijasida, bir tomondan, yurtimizga sayyohlar oson kelib-ketishi ta`minlangan bulsa. Ikkinchi tomondan esa, xozirgi sharoitda turizm O`zbekiston iqtisodiyotini jadal yangilashda etakchi sohalardan biriga aylanmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarning o`z vaqtida amalga oshirilishi, shubhasiz, o`rta muddatda mamlakat iqtisodiyotida turizm industriyasi ulushini ko`paytirishga xizmat qiladi va O`zbekiston turizmi milliy iqtisodiyotdagi yutuqlar bilan cheklanib qolmasdan, mintaqa va dunyo turistik xizmatlari bozoriga eng raqobatbardosh davlatlar qatorida kirib borishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar