AsosiyJamiyat

Prezident O`zbekiston Qahramoni Jonsaid Turdiev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

'Prezident O`zbekiston Qahramoni Jonsaid Turdiev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi'ning rasmi

Mamlakatimiz tog`-kon sanoati og`ir judolikka uchradi.

«Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatining «Qolmaqir» konida ko`p yillar fidokorona xizmat qilgan mohir ekskavator mashinisti, mehnat faxriysi, O`zbekiston Qahramoni Jonsaid Turdiev             shu yil 20 oktyabrda 69 yoshida vafot etdi.

J.Turdiev 1954 yil 20 iyun kuni Toshkent viloyatining Bo`ka tumanida tug`ildi. O`rta maktabni tugatib, harbiy xizmatni o`tagach, Toshkent viloyati, Olmaliq shahridagi 80-avtokorxonada haydovchi bo`lib ish boshladi.

1977 yildan mehnat faoliyatini Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tizimida davom ettirib, qariyb o`ttiz yil mobaynida «Qolmaqir» konida samarali xizmat qildi, ko`plab shogirdlar tayyorlab, mamlakatimizning tog`-kon sanoati rivojiga katta hissa qo`shdi.

O`z kasbining haqiqiy jonkuyari bo`lgan J.Turdiev bilim va tajribasi, mehnatsevarlik, mardlik va matonat, jonajon Vatanimizga muhabbat singari yuksak insoniy fazilatlari bilan nafaqat jamoasi, balki ko`p millatli xalqimizning hurmat-e`tiboriga sazovor bo`ldi. 

Keyingi yillarda jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etib, Olmaliq shahar «Ma`rifat» targ`ibotchilar jamiyati a`zosi, faol targ`ibotchi sifatida hududda islohotlarni amalga oshirish, aholini ijtimoiy himoya qilish, turli millat vakillari o`rtasida do`stlik va hamjihatlikni mustahkamlashda jonbozlik ko`rsatdi.

J.Turdievning davlatimiz va xalqimiz oldidagi xizmatlari yuksak e`tirof etilib, u 1998 yilda «O`zbekiston Qahramoni» oliy unvoni hamda «Oltin yulduz» medali bilan mukofotlangan edi. 

Mamlakatimiz kon-metallurgiya sohasining taniqli vakili, samimiy va kamtarin inson Jonsaid Turdievning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoev, T.Norboeva, N.Ismoilov, 

A.Aripov, Z.Mirzaev, A.Xursanov

    Boshqa yangiliklar