Avval xabar berilganidek, Prezident raisligida 2024 yil uchun davlat byudjetining asosiy yo`nalishlari hamda tarmoq va hududlarda amalga oshiriladigan vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.
Yig`ilishda ma`lum qilinishicha, kelgusi yildan “Mahalla byudjeti” tizimi to`liq joriy qilinadi. Bu – har bir mahallaning 100 million so`mgacha mablag`i bo`ladi, degani.
Davlatimiz rahbari bu mablag`larni mahallada ish o`rni yaratadigan, aholining og`irini engil qiladigan loyihalarga yo`naltirish zarurligini ta`kidladi. Ushbu yangi tizim bo`yicha mahalla raislarini o`qitish, mablag`larning hisobini yuritish va nazorat qilish yuzasidan ko`rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, byudjet intizomini kuchaytirish bo`yicha qonunchilikka takliflar kiritish zarurligi aytildi. Bu borada byudjet mablag`lari hisobidan to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar tuzishga yo`l qo`ymaslik, ochiq-oshkora tanlov va tenderlar o`tkazish amaliyotini kengaytirish qat`iy ko`rsatib o`tildi.
Tarmoq, soha va hududlarga kelgusi yil 32 milliard dollar investisiya jalb etish, eksportni 19 milliard dollarga etkazish imkoniyatlari ko`rib chiqildi.
Yig`ilishda bildirilgan fikrlar asosida 2024 yil uchun byudjet loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.






