“Kreativ ta`lim va innovasiya – Yangi O`zbekiston taraqqiyotining asosi” shiori ostidagi to`rt kun davom etgan “ “InnoWeek-2023” innovasion g`oyalar haftaligi o`z nihoyasiga etdi.
Haftalikning rasmiy yopilish marosimi “Alpomish” muz saroyida bo`lib o`tdi. Tadbirni Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov kirish so`zi bilan ochib, kelganlarni samimiy qutladi.
Haftalik davomida xorijiy va milliy ekspertlar, tahlilchilar Yangi O`zbekistondagi oliy ta`lim, fan va innovasiyalar sohasidagi islohotlar, ularning mohiyati, erishilgan yutuqlar va navbatdagi dolzarb ustuvor vazifalar to`g`risida fikr almashdilar.
Bu yilgi xalqaro anjuman avvalgilaridan farqli o`laroq “Yoshlar” kuni, “Startaplar” kuni, “Ilm-fan va tijoratlashtirish” kuni va “Kreativ ta`lim” kuni kabi yo`nalishlarda Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi va Toshkent shahridagi “Alpomish” Muz saroyi binosida 60 dan ortiq turli tadbirlar, ko`rgazmalar va B2B uchrashuvlar o`tkazildi. Shuningdek, Respublika bo`ylab 114 ta oliy ta`lim mussasasi va 28 ta innovasion tumanlarda tashkil etildi.
Tantanali yopilish marosimida haftalik doirasida faol ishtirok etgan xorijiy va mahalliy tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, oliy ta`lim muassasalari matbuot kotiblari, shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda o`tkazilgan tadbirlardagi ishtiroki uchun “Eng faol oliy ta`lim muassasasi” nominasiyasi hamda fan va innovasiyalar bo`yicha turli tanlov g`oliblari taqdirlandi.
Aytish joizki, Respublika bo`ylab o`tkazilgan haftalikda 230 dan ortiq turli tadbirlar va ko`rgazmalar tashkil etilib, ularda jami 120 mingdan ortiq ishtirokchi, shundan 75 mingdan ortig`i hududlardagi tadbirlarda ishtirok etdi. Shuningdek, 30 dan ortiq xorijiy davlatlardan 800 ga yaqin chet ellik mehmonlar onlayn va oflayn tarzda qatnashdi.
Bundan tashqari, “B2B” formatidagi 170 dan ortiq uchrashuvlarda 20 dan ortiq davlatlardan 70 ga yaqin xorijiy kompaniyalarning vakillari ishtirok etdi. Bunda, jami 99,3 mln dollar miqdorida 23 ta investision va grant shartnomalari, 66,1 mlrd so`mlik 123 ta oldi-sotdi shartnomalar hamda 18,5 mln dollar miqdorida 13 ta eksport shartnomalar imzolandi.






