AsosiyJamiyat

UNWTO: Samarqandda birinchi yalpi majlis bo`lib o`tdi (video)

'UNWTO: Samarqandda birinchi yalpi majlis bo`lib o`tdi (video)'ning rasmi

“Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasining kongresslar zalida Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasi doirasida birinchi yalpi majlis bo`lib o`tdi. Bu haqda Darakchi.uz muxbiri xabar berdi. 

Tadbirda 140 ta davlatdan delegatlar, turizm vazirlari va turizm ma`muriyatlari rahbarlari, xalqaro va mahalliy tashkilotlar, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yig`ilishni UNWTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasini o`tkazish bo`yicha O`zbekiston hukumati tashkiliy qo`mitasi raisining o`rinbosari Aziz Abduhakimov ochib berdi.

“Turizm jahon iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan sohasidir. COVID-19 ning jiddiy ta`siriga qaramay, global turizm barqarorligini isbotladi va tezda tiklandi.

2022 yilda dunyo bo`ylab qariyb 1 milliard kishi sayohat qildi – bu pandemiyadan oldingi davrga nisbatan 66 foizni tashkil etadi. O`zbekiston joriy yilda 7 millionga yaqin xorijiy sayyohni qabul qilishni rejalashtirmoqda, bu 2016-yilga nisbatan besh baravar ko`p. Kelgusi yilda esa 10 million sayyohni jalb qilishni rejalashtirganmiz.

O`zbekistonda turizm rivoji O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan Bosh Assambleyaning 25-sessiyasi ochilishida e`lon qilingan turizm sohasidagi tashabbuslar bilan belgilanadi. Ular orasida 2030 yilgacha turizmni rivojlantirish strategiyasini tuzish, aviaqatnovlar, avtomobil va temir yo`l tarmoqlarini kengaytirish, har bir aeroportda “Ochiq osmon” rejimini joriy etish, global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqish, sayyohlarni O`zbekistonga yanada ko`proq jalb etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo`lgan “yashil” turizmni rivojlantirish kabilar bor”, — dedi A.Abduhakimov.

Shuningdek, tashkiliy qo`mita raisining o`rinbosari turizm va yashil rivojlanish sohasida investisiyalar hamda xususiy sektorning hissasi muhimligini ta`kidladi.

“O`zbekiston hukumati Bosh Assambleyaning 25-sessiyasiga tayyorgarlik ko`rish jarayonida so`nggi ikki yili davomida turizmga oid vazifalarni belgilab oldi, zarur huquqiy va biznes asoslari yaratildi. Biz muhim infratuzilmaga, jumladan, tarixiy joylarni tiklash, ko`priklar va yo`llar qurish, suv va energetika tizimlarini yangilashga 1 milliard dollar sarmoya kiritdik.

Shuningdek, xususiy sektordan qo`shimcha 2 milliard dollar jalb etildi. Xususiy tadbirkorlar tomonidan Samarqand shahrida 60 ta yangi mehmonxona barpo etildi, yana 40 ta mehmonxona ta`mirlandi, Samarqand aeroportida yangi terminal qurilib, foydalanishga topshirildi, shuningdek, Markaziy Osiyodagi eng yirik MICE turizm majmuasi bo`lgan “Silk Road Samarkand”turistik markazi qurildi. Bundan tashqari, ushbu loyihalarning aksariyati yashil investisiyalardir. Masalan, bugungi kunda majmuada foydalanilayotgan elektr energiyasi tog` yonbag`rida o`rnatilgan ulkan quyosh batareyasidan olinadi”, – dedi A.Abduhakimov.

Yalpi majlisda nutq so`zlagan UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili tashkilot tomonidan amalga oshirilgan ishlarga alohida to`xtaldi. Xususan, UNWTO boshqa tashkilotlar, davlatlar bilan aloqalarni yaxshilaganini, butun dunyoda turizm bozori kengayayotganini ta`kidladi.

“2023 yilda byudjetning muntazam daromadi 14,3 million evroni tashkil qiladi. So`nggi ikki yil ichida moliyaviy menejmentda misli ko`rilmagan muvaffaqiyatga erishdik: UNWTO byudjetdan tashqari mablag`lar hisobidan byudjetini ikki baravar oshirdi. Bu mablag`lar tashkilotga a`zo davlatlarda turizm sohasi rivoji uchun sarflanadi, — dedi Zurab Pololikashvili. — UNWTO hozirda 58 millat vakillaridan iborat 186 nafar xodimga ega. Biz yosh iste`dodlarni qo`llab-quvvatlashni kuchaytirdik. Shuningdek, gender tengligiga ham amal qilyapmiz. Kelajakda Argentina, Xitoy, Hindiston, O`zbekiston kabi davlatlardagi faoliyatimizni yanada kuchaytirish niyatidamiz. Maqsadimiz turizm sohasida ta`limni kuchaytirish, investisiyalarni oshirish va izchil islohotlar orqali turizm sohasini yanada rivojlantirishdir. Qolaversa, tashkilot safini yanada kengaytirish harakatidamiz”.

Zurab Pololikashvili UNWTOga a`zo davlatlarga tashkilotga bo`lgan ishonch uchun minnatdorlik bildirdi.

Yig`ilishda tashkilot faoliyatiga oid hisobot tinglandi. Shuningdek, turizm sohasiga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

    Boshqa yangiliklar