AsosiyJamiyat

O`zbekistonda ehtiyojmand ayollar davlat himoyasida

'O`zbekistonda ehtiyojmand ayollar davlat himoyasida'ning rasmi

Ayollar jamiyatda har doim alohida rol o`ynaydi. Ular nafaqat bolalarni tarbiyalaydi, balki uy ishlarini bajaradi, yaxshi va yomon kunlarda oilasiga qo`lidan kelgancha yordam beradi.

 Afsuski, ko`plab ayollar murakkab hayotiy vaziyatlarga tushib qolishadi. Hatto ayrim ayollar hayotdan to`yib ketib, o`ziga suiqasd qilish holatiga ham tushib qolishadi. Shu paytda ular yordamga ayniqsa muhtoj bo`ladi.

Bularning barini inobatga olgan holda, O`zbekistonda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Oila va xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg`armasi tomonidan 2023 yilning 1 sentyabr holatiga ko`ra:

– kam ta`minlangan oilalardagi 2 137 nafar xotin-qizlarga jarrohlik amaliyoti o`tkazish hamda davolash orqali sog`lom hayotga qaytarish uchun qariyb 21,9 mlrd so`m;

– nogironligi bo`lgan 8 000 nafar xotin-qizlarga nogironlik aravachalari, eshitish moslamalari va boshqa reabilitasiya vositalarini xarid qilish uchun 9,9 mlrd so`m;

– zo`rlik ishlatishdan jabr ko`rgan shaxslarni reabilitasiya qilish va moslashtirish hamda o`z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi, shuningdek, ularning hududiy bo`limlarini saqlash bilan bog`liq xarajatlarni qoplash maqsadida 10,9 mlrd so`m mablag` to`lab berildi.

2022 yilning sentyabr oyidan boshlab xususiy sektorda band bo`lgan ayollarga homiladorlik va tug`ish nafaqalarini minimal iste`mol xarajatlarining miqdoridan kelib chiqib byudjet mablag`laridan to`lab berish tartibi yo`lga qo`yildi

Ma`lumot uchun: 2022 yilda 3 735 nafar ayolga 7 mlrd.so`m mablag`dan ortiq, 2023 yilning 1 sentyabr holatiga ko`ra 10 459 nafar ayolga 20,8 mlrd.so`m mablag`dan ortiq homiladorlik va tug`ish nafaqasi ijtimoiy sug`urta jamg`armasidan to`lab berildi;

Xotin-qizlarga foizsiz ta`lim krediti ajratish tizimi joriy qilindi. 2022 yil davomida 127 000 nafar talaba xotin-qizlarga 1 250,5 mlrd.so`m miqdorida foizsiz ta`lim kreditlari ajratildi.

Bazaviy to`lov-kontrakt asosida davlat oliy ta`lim muassasasiga qabul qilingan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo`q yolg`iz ayollarni Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hisobidan to`lov-kontrakt pullarini to`lab berish tizimi yo`lga qo`yildi.

Shuningdek, davlat oliy ta`lim muassasasida magistratura bosqichida tahsil oladigan xotin-qizlarga to`lov-kontrakt mablag`larini qaytarish shartisiz Davlat byudjeti hisobidan to`lab berish tartibi joriy etildi.

Natijada, 2022 yilda 68,3 mlrd.so`m Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan 2022-2023 o`quv yilida davlat oliy ta`lim muassasalarining magistratura bosqichiga to`lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta`lim olayotgan 12 300 nafar xotin-qizlarning birinchi o`quv bosqich to`lov-kontrakt summasi to`lab berildi.

Joriy yilda davlat byudjeti mablag`lari hisobidan 14 269 nafar magistratura bosqichida ta`lim oladigan xotin-qizlarga 85,1 mlrd.so`m mablag` to`landi. Davlat byudjetidan 2023 yilda mazkur maqsadlar uchun 200,0 mlrd. so`m mablag` ko`zda tutilgan.

    Boshqa yangiliklar