O`zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tayyorlangan “Istirohat bog`lari faoliyati va boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish to`g`risida”gi qarori loyihasi, jumladan undagi O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi F.N. Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bog`ining istirohat bog`lari qatorida Toshkent shahar hokimligi huzurida tashkil etilishi rejalashtirilgan Istirohat bog`lari Direksiyasiga o`tkazish bo`yicha qaror loyihasiga o`z munosabatini bildirdi. Bu haqda Fanlar akademiyasi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, qaror loyihasi kelishuv uchun portalga joylashtirilganda Fanlar akademiyasi uni nihoyatda salbiy ruhda qabul qilgan.
O`rnatilgan tartibga binoan qaror loyihasi idoralararo kelishuv tarzida amalga oshiriladi. Qaror loyihasi kelib tushgan kunning o`zidayoq Fanlar akademiyasi qaror loyihasi yuzasidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligining mas`ul ijrochisi bilan bog`landi va Botanika bog`ini ro`yhatdan chiqarib tashlash lozimligini ta`kidladi. Shundan so`ng, yuqori turuvchi organlar og`zaki tarzda xabardor qilingan.
Fanlar akademiyasining mutahassislari tomonidan asosnoma tayyorlanib, o`rnatilgan tartibga binoan belgilangan muddatdan chiqib ketmagan holda, project.gov.uz tizimi orqali Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasining 1-ilovasi 193-tartib raqam bilan kelgan “Botanika bog`i”ni ro`yxatdan chiqarib tashlash qat`iy talab qilindi. Fanlar akademiyasining e`tirozlarini inobatga olib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qaror loyihasidan Botanika bog`ini chiqarib tashlashiga akademiya umid bog`ladi.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31 maydagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-171-qaroriga muvofiq Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligiga Fanlar akademiyasi bilan birgalikda “Akademik F. Rusanov nomidagi Botanika bog`i faoliyatini takomillashtirish, shu jumladan, ilmiy salohiyatini kuchaytirish, moddiy-texnik bazasini yaxshilash, hududlarda ularning tajribasini qo`llash va filiallarini tashkil etish” bo`yicha Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi va idoralararo kelishuvga joylashtirildi.
Mazkur qarorni qabul qilinishi Botanika bog`ining imkoniyatlaridan keng foydalangan holda respublikada bioxilma-xillik sohasini ilmiy jihatdan o`rganish tizimi takomillashtiriladi va Botanika bog`ini boshqa vazirlik va idoralarga o`tkazish imkoniyatini cheklaydi.
Mazkur vaziyatga o`z munosabatini bildirgan barcha OAV vakillari, bloger va fuqarolarga tashakkur bildiramiz, deyiladi xabarda.
Eslatib o`tamiz, sal avval ushbu holatga Ekopartiya ham qarshi chiqqani haqida xabar bergan edik.






