May oyida Uchtepa tumanida Matiz haydovchisi 12 yoshli qizni urib yuborgani, natijada qiz vafot etgani haqida xabar bergan edik.
Jinoyat ishi bo`yicha, Uchtepa tuman sudida haydovchiga sud hukmi o`qildi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, haydovchi tezlik soatiga 30 km qilib belgilangan joyda 70 km/soat tezlikda harakatlanishi oqibatida 12 yoshli qizni urib yuborgan. Natijada, qizaloq vafot etgan.
“O`g`limni mazasi bo`lmagani sababli ”Vatan“ chorrahasidan o`tib, tezlikni oshirdim. Hayolim chalg`ib, qizni urib yubordim. Zudlik bilan uni shifoxonaga olib bordim. Ammo, bir soatlardan keyin qiz vafot etgani haqida xabar berishdi”, — deydi haydovchi.
Avtomobil aslida sudlanuvchiga tegishli bo`lmagan. U birovning mashinasini tegishli hujjatlarsiz boshqarib yurgan.
Sud hukmiga ko`ra, sudlanuvchi JKning 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, unga 3 yilga avtomobil boshqarish huquqidan, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.