AsosiyJamiyat

O`zbekistonda o`tgan etti oyda 1 115 kishi YTH sabab halok bo`ldi

'O`zbekistonda o`tgan etti oyda  1 115 kishi YTH sabab halok bo`ldi'ning rasmi

O`zbekiston IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo`l harakati xavfsizligi xizmati ma`lumotlariga tayanib Senat qo`mita raisi Qutbitdin Burxonovning ma`lum qilishicha, joriy yilning etti oy davomida respublika hududida 4 772 ta YTH qayd etilgan. Shundan 2 453 tasi yoki 51,4 foizi sub`ektiv sabablarga ko`ra sodir etilgan, ya`ni haydovchilar yo`l harakati qoidalariga e`tibor bermasligi oqibatida kelib chiqqan.

O`tgan etti oyda O`zbekistonda yo`l-transport hodisalari natijasida 1 115 kishi halok bo`lgan, 4 ming 564 nafari turli tan jarohatlari olgan.

Shundan – yo`l-transport hodisalarida halok bo`lganlarning 1 078 nafari yoki 96,7 foizi xavfsizlik kamarini taqmagan. Soha mutaxassislarining fikricha, agar orqada o`tirgan yo`lovchilar xavfsizlik kamarini taqqan bo`lganida oldingi o`rindiqlarda o`tirgan yo`lovchilarning ko`pchiligi avtohalokatda omon qolishi mumkin edi. Ularning so`zlariga ko`ra, agar orqadagi yo`lovchilar kamar taqmagan bo`lsa, YTH vaqtida oldingi o`rindiqda o`tirgan yo`lovchining halok bo`lish ehtimoli besh barobar ortadi.

Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo`l harakati xavfsizligi xizmati statistik ma`lumotlariga ko`ra, YTH turlari bo`yicha sabablar etib piyodalarni urib yuborish, avtomashinalar to`qnashuvi va boshqalar keltirilgan.

Birgina Toshkent shahar IIB ma`lumotlarida aytilishicha, joriy yilning o`tgan etti oyida poytaxtda 675 ta yo`l-transport hodisasi qayd etilgan. Hodisa oqibatida 71 kishi halok bo`lgan, 787 kishi turli tan jarohatlari olgan. Baxtsiz hodisalarning eng keng tarqalgan sababi tezlikni oshirish bo`lgan — 199 ta holat. Haydovchilar tomonidan 90 ta holatda taqiqlovchi svetofor ishorasiga e`tibor bermaslik, mast holatda haydovchilar ishtirokida 8 ta YTH sodir etilgan.

 

    Boshqa yangiliklar