Gresiya, Turkiya va Bolgariyada kuchli bo`ron va suv toshqinlari qurbonlari soni 15 kishiga etdi.
Jumladan Turkiyaning shimoli-g`arbiy qismida Bolgariya bilan chegaradosh lagerda sodir bo`lgan suv toshqini oqibatida kamida 6 kishi halok bo`ldi. Toshqin bungalov uylarini olib ketdi.
Seshanba kuni Turkiyaning eng yirik shahri Istanbulda bo`ronlar yuzlab uy va ishxonalarni suv bosdi. Kamida 2 kishi halok bo`ldi. Qurbonlardan biri 32 yoshli Gvineya fuqarosi bo`lib, u kam ta`minlangan hududdagi erto`ladagi kvartirasida qamalgan. Yana bir hududda 57 yoshli ayolni suv olib ketgan.
Ma`lum bo`lishicha, Istanbulda jami 1,7 mingdan ortiq uy va korxona, jumladan, Ikkitelli tumanidagi do`konlar qatori suv toshqini oqibatida jabr ko`rdi. To`fon suvlari to`xtab turgan mashinalarni mebel do`konlariga sudrab borib, tovarlarni yo`q qildi.
Gresiyada esa kuchli yomg`ir 3 kishining hayotiga zomin bo`ldi, yana 3 kishi bedarak yo`qolgan. Barcha o`limlar markaziy Volos shahri yaqinida va Kardisada sodir bo`lgan. Bir qator hududlarda transport harakati taqiqlandi.
Bo`ronlar Qora dengizning janubiy qirg`og`ida joylashgan Bolgariyada ham vayronagarchilik izlarini qoldirdi. Chorshanba kuni bedarak yo`qolgan ikki kishining jasadi topildi, qurbonlar soni to`rt nafarga etdi.
Shuningdek, Braziliyaning Riu-Grandi-du-Sul shtatida sodir bo`lgan siklon natijasida 39 kishi halok bo`ldi, deb xabar berdi mahalliy G1 portali. Yana to`qqiz nafar aholi bedarak yo`qolgan deb hisoblanadi. 80 ta munisipalitetdagi 2700 ga yaqin odam qutqarildi. Dovul tufayli 6000 dan ortiq odam boshpanasiz qolgan.
Siklon sabab bo`lgan kuchli yomg`ir jami 80 ta shaharga ta`sir ko`rsatdi, shuningdek, daryolarning toshib ketishi va toshqinlarga olib keldi. Zupiya munisipalitetida shamol tezligi soatiga 110 km dan oshdi. Mahalliy hokimiyat organlari 7 sentyabrga rejalashtirilgan Braziliya Mustaqillik kunini nishonlash sharafiga barcha paradlarni bekor qildi.
Sinoptiklar Rio-Grande-du-Sulda bugun, 8 sentyabr kuni ham yana kuchli yomg`ir yog`ishi haqida ogohlantirdi.






