9—10 sentyabr kunlari Dehlida bo`lib o`tadigan G20 sammitida Afrika Ittifoqining (AI) G20ga qo`shilish haqidagi arizasi qanoatlantirilishi mumkin, deb yozadi Times of India gazetasi.
Ushbu sammitda AIni "yigirmalik klubi"ga kiritish tashabbusi Hindiston Bosh vaziri Narendra Modiga tegishli bo`lib, u buni ishtirokchi mamlakatlarning barcha rahbarlariga yo`llagan maktubida bayon qilgan va bu yakuniy yig`ilishda o`z aksini topishi mumkin.
Hindiston rasmiylariga ko`ra, “Modining Afrika Ittifoqiga G20 a`zoligi bo`yicha taklifi Hindistonning global munosabatlarni shakllantirishda Afrika vakilligi va sherikligini mustahkamlashga sodiqligini ko`rsatadi”.
Gazetaning qo`shimcha qilishicha, "dunyoning eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlari Afrikada joylashgan bo`lib, ularning umumiy yalpi ichki mahsuloti 2,4 trillion dollarni tashkil qiladi".
O`z navbatida, Bloomberg axborot manbalariga tayanib, AIni G20 a`zoligiga qabul qilish to`g`risida qaror allaqachon qabul qilinganini xabar qilmoqda.
“20 ta davlatdan iborat guruh Afrika Ittifoqiga G20 doimiy a`zosi maqomini berishga rozi bo`ldi”, — deyiladi agentlik xabarida. Manbalarning qayd etishicha, AI Evropa Ittifoqi bilan bir xil maqomga ega bo`ladi.
AIning G20 tarkibiga qo`shilishi “Hindiston prezidentligining eng muhim yutug`i bo`lishi mumkin”, chunki ishtirokchilar Ukraina mojarosi bo`yicha konsensusga erisha olmadilar, deb ta`kidlaydi Times of India.






