Avval xabar berganimizdek, bugun va ertaga Samarqandda Xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi konferensiyasi o`tkaziladi.
O`zbekiston qishloq xo`jaligi vaziri Aziz Voitov ushbu konferensiya haqida ommaviy axborot vositalariga ma`lumot berdi. Bu haqda Darakchi.uz muxbiri xabar bermoqda.
"Barchangizga ma`lumki, oziq-ovqat xavfsizligi eng dolzarb global muammolardan biri bo`lib, butun jahon mamlakatlarining hukumatlari bu masalaning echimi ustida bosh qotirmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlarini etishtirish va ularni taqsimlashda mavjud yondashuvlar va qarashlarni tubdan o`zgartirish lozimligi, eng yuqori minbarlardan, jumladan, BMT va uning Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan bot-bot ta`kidlanmoqda. Bu bejiz emas. Chunki, olimlarning ta`kidlashicha, oqilona foydalanish yo`lga qo`yilsa, mavjud qishloq, o`rmon va baliqchilik xo`jaliklari insoniyatni oziq-ovqat bilan to`liq ta`minlash va aholi uchun risoladagidek daromad manbaini yaratib berishga qodir.
Afsuski, tabiatga befarq munosabat, unga antropogen ta`sirning kuchayib borishi, isrofgarchilik, ilg`or va rivojlanayotgan davlatlar o`rtasidagi oziq-ovqat balansi bo`yicha farqning o`sayotgani, iqlim o`zgarishlari qator salbiy omillarni keltirib chiqaryapti. Tabiiy noz-ne`matlar, chuchuk suv, dengizlar, o`rmonlar, biologik xilma-xillik keskin sur`atlarda kamayib bormoqda, er unumdorligi pasayib, tuproq degradasiyaga uchramoqda. Oqibatda insoniyatga to`yib ovqat emaslik, ochlik, aholi turmush tarzining yomonlashuvi kabi ayanchli xatarlar tahdid solmoqda", dedi Aziz Voitov.
BMT ma`lumotlariga ko`ra, 2050 yilga kelib jahondagi ochlar soni 2 mlrd kishiga etadi. Bolalar o`rtasidagi to`yib ovqat emaslik tufayli ro`y berayotgan o`lim ko`rsatkichlari ham dahshatli raqamlarni namoyon etmoqda.
Vazirning ma`lum qilishicha, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti (FAO) va O`zbekiston Qishloq xo`jaligi vazirligi hamkorligida o`tkaziladigan ushbu konferensiyada dunyoning 32 ta mamlakatidan 2 ming 330 nafar xorijiy ekspertlar, jumladan, 623 nafar xorijiy mehmon, 150 dan ortiq chet ellik olim, 148 nafar mansabdor shaxs, 130 nafar xalqaro tashkilotlar vakillari (61 nafar FAO xodimi), 46 nafar oliy o`quv yurtlari vakillari va boshqalar ishtirok etmoqda.
Bu O`zbekistonda ilk marotaba 15 nafar vazir va 9 nafar vazir o`rinbosari, 30 dan ortiq xalqaro tashkilotlar va turli mamlakatlarning 8 nafar diplomat vakili ishtirokida tashkil etilgan xalqaro tadbir ekani bilan ahamiyatli. Zero, O`zbekiston Respublikasi prezidenti tashabbusi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti (FAO)ning texnik ko`magi asosida tashkil etilgan konferensiya kun tartibidan:
- xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi standartlari;
- oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilishning yagona tizimi;
- elektron savdo oziq-ovqat balansi;
- qishloq xo`jaligida ishlab chiqarishni monitoring qilish tizimlari;
- ekologiya va oziq-ovqat xavfsizligining dolzarb masalalari;
- oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlashning barcha yo`nalishlari bo`yicha 8 ta texnik sessiyalar;
- 2030 yilgacha ochlikni yo`q qilish, barqaror qishloq xo`jaligini rivojlantirishda aniq vazifalarni o`z ichiga olgan “Nol ochlik”ka erishish bo`yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalari o`rin olgan.
"Mazkur nufuzli tadbirni yuqori saviyada o`tkazish uchun O`zbekiston Qishloq xo`jaligi vazirligi va yurtimizdagi tegishli idora va tashkilotlar tomonidan barcha tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi.
O`ylaymanki, o`tkazilayotgan ushbu tadbir unda ko`tarilayotgan mavzularning dolzarbligi va aniq echimlarning ishlab chiqilishi bilan nafaqat yurtimizda balki, dunyo miqyosida oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash borasida muhim ahamiyatga ega bo`ladi",deydi O`zbekiston qishloq xo`jaligi vaziri.






