AsosiyJamiyat

O`zbekistonda tadbirkorlik sub`ektlarining to`g`ridan-to`g`ri sudga shikoyat 
qilishidagi cheklovlar olib tashlanmoqda

'O`zbekistonda tadbirkorlik sub`ektlarining to`g`ridan-to`g`ri sudga shikoyat 
qilishidagi cheklovlar olib tashlanmoqda'ning rasmi

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartirishlar kiritish to`g`risida”O`zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.

Mazkur Qonun bilan amaldagi 4 ta Qonunga, jumladan, Soliq kodeksi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi, “Mas`uliyati cheklangan hamda qo`shimcha mas`uliyatli jamiyatlar to`g`risida”gi va “Xo`jalik shirkatlari to`g`risida”gi qonunlarga tadbirkorlik sub`ektlari o`z huquqlarini sud orqali himoya qilish imkoniyatini cheklovchi normalarni bekor qilish hamda tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishdagi ayrim majburiy talablarni qisqartirishga qaratilgan o`zgartirishlar kiritilmoqda.

Xususan, Soliq kodeksida soliq to`lovchilar sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo`yicha qabul qilingan qarorlar ustidan to`g`ridan-to`g`ri sudga shikoyat qilishimumkinligi belgilanmoqda.

Amaldagi tartibga ko`ra, sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalaribo`yicha qabul qilingan qaror ustidan yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilingandan (shikoyat ko`rib chiqilganidan) keyin sudga murojaat qilish mumkin.

Endilikda tadbirkorlik sub`ektlari o`z huquqlarini to`g`ridan-to`g`ri sud orqali himoya qilishi yoki ma`qul deb hisoblasa, yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilishi mumkin bo`ladi.

Shuningdek, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi, “Mas`uliyati cheklangan hamda qo`shimcha mas`uliyatli jamiyatlar to`g`risida”gi hamda “Xo`jalik shirkatlari to`g`risida”gi qonunlarga o`zgartirish kiritilib, tadbirkorlik sub`ektlarining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to`g`risida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish 
va ommaviy axborot vositalarida bu haqida e`lon berish majburiyatlarini bekor qilishnazarda tutilmoqda.

Ushbu o`zgartirishlar kiritilishi natijasida yuridik shaxslarning ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirishdagi byurokratik tartiblar bekor qilinishiga hamda tadbirkorlik sub`ektlari uchun ortiqcha xarajatlarning oldi olinishiga erishiladi.

    Boshqa yangiliklar