Ijtimoiy tarmoqlarda to`lov tashkilotlari uchun transchegaraviy pul o`tkazmalariga doir cheklovlar o`rnatilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Markaziy bank holat yuzasidan tushuntirish berdi.
Qayd etilishicha, “BRIO GROUP” MChJ to`lov tashkiloti tomonidan ichki nazorat qoidalarining talablari ya`ni, oluvchisi va (yoki) jo`natuvchisi haqidagi talab qilingan ma`lumotlarni aks ettirmasdan va ushbu turdagi xalqaro pul o`tkazmalarini aniqlash bo`yicha asosli va imkoni mavjud bo`lgan zaruriy choralar ko`rilmagan.
“Valyutani tartibga solish to`g`risida”gi qonunga muvofiq, rezident yuridik shaxslarga chet elda hisobvaraqlar ochish va undagi valyuta mablag`larini tasarruf etish O`zbekiston prezidenti yoki hukumatining qarorlari doirasida amalga oshirilishi mumkin.
Biroq, amaliyotda “BRIO GROUP” MChJ (OSON) to`lov tashkiloti xorijiy bankda hisobvaraq ochib, mazkur bank hisobvarag`i orqali yuqoridagi qonun talablariga zid ravishda amaliyotlar o`tkazgan.
"To`lov tashkilotlari o`z mijozlarining to`lovlarini chet eldagi benefisiarga etkazib berish amaliyotlarini tashqi savdo operasiyasi sifatida tasniflab, qabul qilingan mablag`larni boshqa valyutalarga ayirboshlashlari, shuningdek, transchegaraviy va davlatlararo tranzit tashkiloti sifatidagi operasiyalarda ishtirok etishlari qonunchilikka muvofiq emas", - deyiladi xabarda.
Ta`kidlanishicha, O`zbekistonda xalqaro to`lov xizmatlari va transchegaraviy pul o`tkazmalari, shuningdek, xalqaro onlayn xizmatlarga to`lovlar bo`yicha hech qanday cheklovlar o`rnatilmagan bo`lib, tijorat banklarining platformalari orqali to`lovlarni amalga oshirishlari mumkin.






