Hukumat qarori bilan “Xalq salomatligi posboni” ko`krak nishoni ta`sis etildi. Qarorga ko`ra, ko`krak nishon bilan quyidagilar taqdirlanadi:
- mamlakatda sog`lom turmush tarzini umummilliy harakatga aylantirishga munosib hissa qo`shgan barcha darajadagi idora va tashkilotlar hamda jamoatchilik vakillari
- jismoniy faollikni kundalik odatga aylantirib, uni o`z jamoasi va aholi orasida targ`ib qilishda alohida namuna bo`layotgan shaxslar va sport murabbiylari;
- zararli odatlarning oldini olish, bartaraf etish, ularga qarshi kurashishda ijobiy natijalarga erishgan va jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etishda faollik ko`rsatgan fuqarolar;
- aholiniig sog`lom ovqatlanishini yo`lga qo`yish uchun etarli shart-sharoitlar yaratgan shaxslar;
- hududning sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi, atrof-muhit toza va ozodaligini ta`minlash, aholida sanitariya-gigienik ko`nikmalarni hosil qilish va mustahkamlash orqali kasalliklarning oldini olishga erishgan mutaxassislar;
- surunkali kasalliklar profilaktikasida xavf omillarini bartaraf etish va turmush tarzini ijobiy tomonga o`zgartirishga undaydigan dolzarb materiallar tayyorlagan OAV vakillari;
- profilaktik tibbiyotni rivojlantirishga va bu yo`nalishda malakali kadrlarni tayyorlashga munosib hissa qo`shgan tibbiyot sohasi xodimlari va boshqa mutaxassislar.
Ko`krak nishoni bilan O`zbekistan fuqarosi bo`lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
Ko`krak nishoni har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi – Tibbiyot xodimlari kuni arafasida tantanali topshiriladi.
Ko`krak nishoni bilan taqdirlanganlarga BHMning 4 baravari miqdorida (1 mln 320 ming so`m) bir yo`la to`lanadigan pul mukofoti beriladi.






